Noyabr oyida YouTube barcha foydalanuvchilarga izohlarga rasm va GIF animatsiyalarini biriktirish imkoniyatini taqdim etadi. Bu haqda Kod Durova nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Google bu muddatni YouTube Data API hujjatlarida ko‘rsatgan. API’dagi izohlar tavsifiga yangi “snippet.imageUrl” maydoni qo‘shildi.
Unda izohga biriktirilgan rasm yoki animatsiya manzili saqlanadi. Bu maydon orqali uchinchi tomon xizmatlari va kontent yaratuvchilar uchun mo‘ljallangan vositalar izohlardagi rasmlarni olishi mumkin bo‘ladi.
YouTube ushbu funksiyani 23-sentabr kuni Made on YouTube tadbirida e’lon qilgan, oktabr oyida esa mobil ilovada GIF’li izohlarni bosqichma-bosqich joriy eta boshlagan.
Animatsiyalar ilovaga o‘rnatilgan kutubxonadan tanlanadi. Hozircha funksiya barcha foydalanuvchilar uchun bir xil ishlamayapti: ayrimlar GIF’li izohlarni ko‘ra oladi, biroq o‘zlari bunday izoh qoldira olmaydi.
Mazkur tadbirda YouTube boshqa yangiliklarni ham taqdim etgan. Televizorda video tomosha qilayotganda izohni pult orqali yozish o‘rniga ovoz bilan aytish mumkin bo‘ladi.
Kontent yaratuvchilar uchun esa muayyan kanal ehtiyojlariga moslashtiriladigan izohlarni moderatsiya qilish vositasi ishlab chiqilmoqda. Hozircha u sinovdan o‘tkazilmoqda.
Kanal homiyligi tizimida faqat a’zolar uchun mo‘ljallangan pulli hamjamiyatlar paydo bo‘ladi. Ularda foydalanuvchilar postlar joylashtirishi va boshqa faol tomoshabinlar bilan muhokama olib borishi mumkin.
Bundan tashqari, YouTube kanallarning homiylik dasturlari uchun alohida sahifa ochadi. Bu tomoshabinlarga o‘zlariga mos homiylik takliflarini topishni osonlashtiradi.
Avvalroq Spot YouTube’ning yangi dizayni sinovdan o‘tkazilayotgani haqida yozgandi. Unga ko‘ra, izohlar va video ma’lumotlari o‘ng yon panelga, tavsiya videolari esa pleyer ostiga ko‘chiriladi.