Navoiy va Chirchiq shaharlarida jismoniy shaxslarning jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etish tartibi tajriba-sinov tariqasida joriy etiladi. Bu Hukumatning 2026-yil 19-oktabrdagi qarorida belgilangan.

Qarorga ko‘ra, deklaratsiya 2026−2027-yillarda olingan daromadlar bo‘yicha Soliq qo‘mitasining Elektron soliq xizmatlari portali yoki “Soliq” mobil ilovasi orqali doimiy yashash joyidagi soliq organiga taqdim etiladi.

Tajriba Navoiy va Chirchiqda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan, 18 yoshga to‘lgan jismoniy shaxslarga, shuningdek, soliq organlari xodimlariga nisbatan qo‘llanadi. Hisobot yilida soliq organiga ishga qabul qilingan va ro‘yxatga olinganiga olti oy to‘lmagan shaxslar bundan mustasno.

Deklaratsiya hisobot yilidan keyingi yilning 1-apreligacha topshirilishi kerak. Soliq organi bu muddatdan kamida bir oy oldin jismoniy shaxsga xabarnoma yuboradi.

Deklaratsiyada ish haqi, mulkiy daromadlar, moddiy naf va boshqa daromadlar, shuningdek, ko‘chmas va ko‘char mulk hamda soliq, kommunal xizmatlar va kreditlar bo‘yicha xarajatlar ko‘rsatiladi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq xarajatlari hisobga olinmaydi.

Xarajatlar davlat organlari ma’lumotlari, “Soliq” ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan fiskal cheklar va elektron hisobvaraq-fakturalar asosida shakllantiriladi. Ma’lumotlar yetarli bo‘lmasa, ularni ilova orqali qo‘shimcha kiritish mumkin.

Deklaratsiya noto‘g‘ri to‘ldirilgan taqdirda, aniqlashtirilgan hisobot taqdim etish mumkin. Unda ham xatolar bo‘lsa, jismoniy shaxsning murojaatiga ko‘ra deklaratsiya rad etilib, uni uch yil ichida qayta topshirish imkoniyati beriladi.

Qarorga muvofiq, aniqlashtirilgan soliq bazasiga, Soliq kodeksining 393-moddasida nazarda tutilgan holatdan tashqari, qo‘shimcha soliq hisoblanmaydi va huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilmaydi.

O‘tgan yilning dekabrida imzolangan prezident farmoni bilan 2026-yil 1-martdan boshlab soliq xodimlari hamda Navoiy va Chirchiqda yashovchi jismoniy shaxslar uchun yillik daromad deklaratsiyasini topshirish sinov tarzida joriy etilishi belgilangan edi.

Joriy yilning fevral oyida Soliq qo‘mitasi deklaratsiya mexanizmini joriy etish bo‘yicha eksperiment ushbu shaharlarda sinov tariqasida amalga oshirilayotganini ma’lum qildi. Keyinchalik tizim bosqichma-bosqich butun respublika bo‘ylab joriy etiladi.


Avvalroq Spot yo‘lovchi deklaratsiyasini bojxonaga Yagona portal orqali topshirish mumkinligi haqida yozgandi.