Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini topshirish xizmati ishga tushirildi. Bu haqda portal matbuot xizmati xabar berdi.
Xizmat portalning “Bojxona” bo‘limida mavjud. U orqali fuqarolar shaxsiy ehtiyojlari uchun O‘zbekistonga olib kirayotgan tovarlarini, jumladan, mobil telefonlar, zargarlik buyumlari va valyutani oldindan onlayn deklaratsiya qilishi mumkin.
Telefon orqali to‘ldirilgan deklaratsiyani chegarani kesib o‘tishda bojxona xodimiga ko‘rsatish talab etiladi. Xizmat to‘liq bepul ishlaydi.
Xizmat orqali xorijdan O‘zbekistonga shaxsiy ehtiyoj uchun olib kirilayotgan tovarlar, mobil qurilmalar, zargarlik buyumlari yoki valyuta haqidagi ma’lumotlarni oldindan kiritish mumkin.
Agar olib kirilayotgan tovarlarning miqdori yoki qiymati bojsiz olib kirish me’yorlaridan oshsa, ular deklaratsiya qilinishi kerak.
Jumladan:
- mobil telefonlar va boshqa mobil qurilmalar;
- zargarlik buyumlari — 65 grammgacha oltin va 200 grammgacha kumushdan oshganda;
- maishiy texnika va elektronika — televizor, noutbuk, kir yuvish mashinasi, konditsioner va boshqa qurilmalar belgilangan bir donalik me’yordan oshganda;
- 100 mln so‘m ekvivalentidan ortiq naqd milliy yoki xorijiy valyuta;
- qonunchilikda alohida tartib belgilangan dori vositalari;
- qurol-yarog‘, dronlar, radioelektron vositalar, tarixiy-madaniy boyliklar va boshqa alohida nazoratdagi tovarlar.
Shaxsiy ehtiyoj uchun tovarlarni O‘zbekistonga olib kirishda bojsiz me’yor havo transportida $1000 gacha, temir yo‘l va daryo transportida $500 gacha, avtomobil yoki piyoda o‘tishda esa $300 gacha etib belgilangan.
Belgilangan me’yorlardan oshgan qismiga amaldagi tartibda bojxona to‘lovi undiriladi.
Fuqarolar xizmatdan my.gov.uz portali yoki MyGov ilovasi orqali foydalanishi, shakllantirilgan elektron deklaratsiyani telefonida saqlab, chegarada bojxona xodimiga taqdim etishi mumkin.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda telefonni deklaratsiyalash va UzIMEI‘da ro‘yxatdan o‘tkazish 2 daqiqagacha qisqargani haqida yozgandi.