Urganch — Xiva pulli yo‘lidan kuniga 1700 ga yaqin avtomobil harakatlanmoqda. Bu haqda Xorazm viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Dushanboy Zarifboyev ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlab yo‘lga kirishda ikkita to‘lov terminali faoliyat yuritgan. Keyinchalik Yangiariq-Xiva yo‘nalishidan ham kirish imkoniyati yaratilib, terminallar soni uchtaga yetkazildi. Yangiariq yo‘lidan pullik trassaga yettinchi kilometrda qo‘shilish mumkin. Ushbu yo‘nalish orqali Xivagacha bo‘lgan masofa 28 km ni tashkil etadi.
“Ochilganiga ikki oydan oshgan pulli yo‘limizda hozirda kuniga 1,6−1,7 mingta avtomobil harakatlanmoqda”, — dedi boshqarma bo‘lim boshlig‘i. Ayrim kunlarda bu ko‘rsatkich 2 mingtagacha yetgan.
Bundan tashqari, yo‘lda avtomobillar yuqori tezlikda harakatlanishi sababli uy hayvonlari chiqib ketishining oldini olish uchun maxsus to‘siqlar o‘rnatilmoqda. Zaripboyev bu ishlar haydovchilar va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlashga qaratilganini bildirdi.
To‘lovlar bank kartasi yoki QR-kod orqali qabul qilinadi. Pulli trassada yengil avtomobillar va mototsikllar uchun yo‘l haqi dastlab taklif qilingan 26,4 ming so‘mdan 17,6 ming so‘mgacha pasaytirildi. Yangiariq — Xiva yo‘nalishida esa bu to‘lov 14,52 ming so‘m etib belgilandi. Mikroavtobuslar uchun tarif 44 ming, avtobuslar uchun 66 ming so‘mni tashkil etadi.
Avvalroq Spot Urganch — Xiva yo‘nalishida yangi trolleybuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgan edi.