Transport vazirligi Urganch — Xiva pulli avtomobil yo‘lidan foydalanish to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqladi. 30-sentabr kuni Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilgan hujjat Lex.uz saytida e’lon qilindi.
Nizom yangi avtomobil yo‘lida harakatlanishni tashkil etish, foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish, yo‘l haqi miqdori va uni undirish tartibini belgilaydi. Hujjat loyihasi sentabr o‘rtalarida Transport vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingandi.
Yakuniy hujjatdagi asosiy o‘zgarish yengil avtomobillar va mototsikllar uchun yo‘l haqi dastlabki taklifga nisbatan qariyb 1,5 baravar kamaytirilganidir.
Endilikda ular butun yo‘nalish bo‘ylab harakatlanish uchun bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 4% i — 17 600 so‘m to‘laydi. Dastlab 6% yoki 26 400 so‘m miqdorida to‘lov belgilash taklif qilingan edi.
Yo‘l haqi tariflari quyidagicha belgilangan:
| Transport turi | Xiva — Urganch (35 km) | Yangiariq — Xiva (28 km) |
| Yengil avtomobillar va mototsikllar | 17 600 so‘m | 14 520 so‘m |
| Mikroavtobuslar | 44 000 so‘m | 35 200 so‘m |
| Avtobuslar | 66 ming so‘m | 52 800 so‘m |
| 2−3 o‘qli yuk avtomobillari | 88 ming so‘m | 70 400 so‘m |
| 4 va undan ortiq o‘qli yuk avtomobillari hamda avtopoyezdlar | 132 ming so‘m | 105 600 so‘m |
Tasdiqlangan nizomda yo‘l haqini to‘lashning qo‘shimcha usullari ham nazarda tutilgan. Haydovchilar operator tizimidagi shaxsiy elektron hisobni to‘ldirib, mablag‘ni avtomatik yechish yoki yo‘lga kirish joyidagi to‘lov shoxobchasi orqali haq to‘lashdan tashqari, yo‘l talonini ham sotib olishlari mumkin.
Yo‘l haqi tariflari, to‘lov usullari, harakatlanish shartlari va muqobil bepul yo‘nalishlar haqidagi ma’lumotlar ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar hamda yo‘lga kirish joylarida e’lon qilinadi.
Nizomga ko‘ra, yo‘l haqini to‘siqlar (shlagbaumlar) yordamida yoki ularni o‘rnatmasdan, avtomobil raqamlarini avtomatik aniqlash va o‘qish orqali undirish mumkin. Tizim to‘g‘ri ishlashi uchun davlat raqamini yashirish, uni sun’iy ravishda o‘zgartirish va o‘qishga xalaqit beruvchi vositalardan foydalanish taqiqlanadi.
Haydovchining elektron hisobi bo‘lmasa, operator unga avtomobil raqami, yo‘ldan foydalanilgan sana va vaqt, to‘lov miqdori hamda to‘lash usullari ko‘rsatilgan bildirishnoma yuboradi. Haydovchi bildirishnoma yuborilganidan keyin besh ish kuni ichida yo‘l haqini to‘lashi kerak.
Agar to‘lov amalga oshirilmasa, operator qarzdorlikni undirish bo‘yicha sudga murojaat qilishi mumkin. Keyinchalik ish Majburiy ijro byurosiga yuborilishi, shuningdek, transport vositasini texnik ko‘rikdan o‘tkazish, sotish yoki boshqa shaxsga o‘tkazishga cheklovlar qo‘yilishi mumkin.
Pulli avtomobil yo‘lida quyidagi transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanadi:
- gabaritlari belgilangan me’yorlardan katta va og‘ir vaznli transport vositalari;
- qishloq xo‘jaligi texnikasi va maxsus texnikalar;
- velosipedlar;
- dvigatel hajmi 25 kub santimetrdan kam yoki quvvati 0,25 kVt dan past moped va skuterlar.
Shuningdek, transport vositalarini shatakka olish va xavfli yuklarni tashishga ham ruxsat berilmaydi.
Pulli yo‘l operatori harakatlanish boshlanishidan oldin trassaning texnik jihatdan tayyorligini, to‘lov tizimi va axborot tablolari ishlashini ta’minlashi kerak. Bundan tashqari, operator o‘z saytida ommaviy oferta shartnomasini e’lon qilishi shart.
Shartnomada quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak:
- operator va foydalanuvchining huquq hamda majburiyatlari;
- pulli yo‘lning nomi, chegaralari va undan foydalanish shartlari;
- tariflar va to‘lov usullari;
- qarzdorlik bilan ishlash, shikoyat qilish va qayta hisob-kitob qilish tartibi;
- shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash shartlari;
- favqulodda vaziyat yoki texnik nosozlik paytida yo‘ldan foydalanish tartibi;
- murojaat va nizolarni ko‘rib chiqish tartibi.
Vaqtinchalik nizom Vazirlar Mahkamasi pulli avtomobil yo‘llaridan foydalanish tartibini tasdiqlaguniga qadar amal qiladi.
Avvalroq prezident 2027-yil Toshkent — Andijon pulli yo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanishi haqida aytgandi.