Transport vazirligi Urganch — Xiva pulli avtomobil yo‘lidan foydalanish bo‘yicha vaqtinchalik nizom loyihasini tayyorladi va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida e‘lon qildi.
Hujjat trassada harakatni tashkil etish, xizmatlar ko‘rsatish va yo‘l haqi undirish tartibini belgilaydi. U Vazirlar Mahkamasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzurida boshqaruv kompaniyasini ta‘sis etish to‘g‘risida qaror qabul qilgunga qadar amal qiladi.
Yo‘l haqini to‘lov punktida, operator tizimidagi shaxsiy hisobvaraqdan yoki “kechiktirilgan to‘lov usuli” orqali to‘lash mumkin.
Nizomda yo‘l haqi, shu jumladan Yangiariq va Xiva o‘rtasidagi qisqartirilgan yo‘nalish bo‘yicha quyidagi tariflar belgilangan:
Xiva−Urganch yo‘nalishida (35 km) quyidagi tariflar belgilanadi:
- yengil avtomobillar va mototsikllar — 26,4 ming so‘m;
- mikroavtobuslar — 44 ming so‘m;
- avtobuslar — 66 ming so‘m;
- 2−3 o‘qli yuk avtomobillari — 88 ming so‘m;
- 4 va undan ortiq o‘qli yuk avtomobillari hamda avtopoyezdlar — 132 ming so‘m.
Yangiariq−Xiva yo‘nalishida (28 km) esa yengil avtomobillar va mototsikllar uchun 21,12 ming so‘m, mikroavtobuslar uchun 35,2 ming so‘m, avtobuslar uchun 52,8 ming so‘m, 2−3 o‘qli yuk avtomobillari uchun 70,4 ming so‘m, 4 va undan ortiq o‘qli yuk avtomobillari hamda avtopoyezdlar uchun 105,6 ming so‘m etib belgilanadi.
Yo‘l haqini to‘lash uchun haydovchi operator veb-saytida o‘z hisobini ochishi va unga mablag‘ kiritishi mumkin. Sayt orqali trassa bo‘ylab qatnovlar, to‘lovlar, qarzlar, shuningdek, murojaatlar tarixiga oid ma‘lumotlar bilan tanishish mumkin bo‘ladi.
Nizom to‘lovlarni to‘siqlardan (kirish joylaridagi shlagbaumlar) foydalangan holda ham, ularsiz ham (avtomatik qayd etish va raqamlarni o‘qish yordamida) undirishga ruxsat beradi. Oxirgi holatda, agar haydovchining hisob raqami bo‘lmasa, operator avtomobil raqami, qatnov sanasi va vaqti, to‘lov summasi hamda usullari ko‘rsatilgan xabarnoma yuboradi.
Haydovchi kvitansiya yuborilganidan keyin 5 ish kuni ichida yo‘l haqini to‘lashi kerak bo‘ladi. Agar to‘lov amalga oshirilmasa, operator qarzni undirish bo‘yicha sudga da‘vo arizasi kiritishi mumkin.
Yo‘l haqi tariflari va to‘lov usullari, harakatlanish shartlari va muqobil yo‘nalishlar haqidagi ma‘lumotlar ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar hamda trassaga kirish joylarida e‘lon qilinadi.
Haydovchilar pulli yo‘lda harakatlanayotganda tezlik rejimi va operatorning boshqa ko‘rsatmalariga, shuningdek, yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishlari shart. Faqat avariya yoki transport nosozligi yuz bergandagina to‘xtashga ruxsat beriladi.
Pulli yo‘lda yirik gabaritli va og‘ir yuk tashuvchi transport vositalari, qishloq xo‘jaligi texnikalari, maxsus texnikalar, velosipedlar, shuningdek, dvigateli 25 kub. sm dan yoki quvvati 0,25 kVt dan kam bo‘lgan moped va skuterlar harakati taqiqlanadi. Bundan tashqari, transport vositalarini shatakka olish va xavfli yuklarni tashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Pulli yo‘l operatori harakat boshlanishidan oldin trassaning texnik tayyorligini, to‘lov tizimi va axborot tablolarining ishlashini ta‘minlashi kerak. Shuningdek, saytda quyidagi ma‘lumotlarni ko‘rsatgan holda ommaviy oferta shartnomasini e‘lon qilish shart:
- operator va foydalanuvchining huquq hamda majburiyatlari;
- pulli trassaning nomi, uning chegaralari va foydalanish shartlari;
- tariflar va to‘lov usullari;
- qarzlar bilan ishlash, shikoyat qilish va qayta hisob-kitob qilish tartibi;
- shaxsga doir ma‘lumotlarga ishlov berish shartlari;
- favqulodda vaziyat yoki texnik nosozlik yuz berganda pulli yo‘ldan foydalanish tartibi;
- murojaat va nizolarni ko‘rib chiqish tartibi.
Hujjat muhokamasi 26-sentyabrga qadar davom etadi.
Urganch-Xiva pulli yo‘li
Yanvar oyida Xorazm viloyatida pulli avtomobil yo‘li qurish rejalari ilk bor ma’lum bo‘lgan edi. Yangi trassa Xivani to‘g‘ridan to‘g‘ri Urganch aeroporti bilan bog‘lashi ko‘zda tutilgan.
Fevral oyida Urganch va Xiva o‘rtasidagi birinchi pulli yo‘l qurilishi boshlangan. $120 mlnlik loyiha kuniga 20 mingdan ortiq avtomobil o‘tkazish imkoniyatiga ega, uzunligi 35 km bo‘lgan to‘rt polosali pulli trassa qurilishini nazarda tutadi. Loyiha doirasida 17 ta ko‘prik, 8 ta yo‘l o‘tkazgich, 1 ta tunnel va 5 ta maxsus o‘tish joyi qurilishi rejalashtirilgan.
Iyul oyi oxirida prezident O‘zbekistonning Urganch va Xivani bog‘laydigan birinchi pulli avtomobil yo‘li avgust oyida ochilishini ma’lum qilgandi.
17-avgust kuni prezident matbuot xizmati Urganch-Xiva (T-001) avtomobil yo‘lida pulli qatnov yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi. Yo‘lda harakatlanish vaqti 45−50 daqiqadan 15−20 daqiqagacha qisqarishi kutilmoqda.
Ertasi kuni Shavkat Mirziyoyev Xivadan Urganch xalqaro aeroportiga uzunligi 35 km bo‘lgan yangi pulli avtomobil yo‘li orqali bordi.
Spot, avvalroq, Toshkentda $1 mlrdga ikki qavatli halqa pulli yo‘li qurilishi rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.