Avvalroq Spot 22-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev O‘rta Chirchiq tumanida Toshkent — Samarqand yo‘nalishidagi pulli avtomobil yo‘li qurilishiga start bergani haqida yozgan edi.
Davlat rahbari tadbirda 2026-yil uchun Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomada yirik yo‘l qurilish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha rejalar ma’lum qilingani, hozirga kelib, ishlar bosqichma-bosqich boshlanayotganini qayd etdi.
“Respublikamizning tarixiy markazlaridan biri bo‘lgan Xivani Urganch shahri bilan bog‘laydigan ilk pulli yo‘l qurilishini allaqachon boshlaganmiz. Nasib qilsa, uni kelgusi oyda foydalanishga topshiramiz”, — deya ma’lum qildi prezident.




Mirziyoyev bu Xorazm viloyatining aholisi bilan birga, xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun ham muhim turizm infratuzilmasi sifatida xizmat qilishini ta’kidladi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 15-iyul holatiga ko‘ra 35 kilometrlik Urganch-Xiva pulli avtomobil yo‘li qurilishining 80%i yakunlangan. Hozirgacha tuproq va ostki qatlam uchun asos qurish ishlari to‘liq bitkazilib, 25 km qismida birinchi qatlam asfalt qoplamasi yotqizilgan.
Loyiha doirasida 15 ta yangi ko‘prik, bitta tonnel, beshta yerosti o‘tish yo‘lagi va 101 ta suv o‘tkazish inshooti barpo etildi. Qo‘mita mazkur yo‘l foydalanishga topshirilgach, Urganch va Xiva o‘rtasidagi qatnov “yanada qulay, tezkor va xavfsiz bo‘lishi"ni kutmoqda.




Yanvar oyida ilk bor Xorazm viloyatida pulli avtomobil yo‘li qurish rejalari ma’lum bo‘ldi. Kelajakdagi trassa Xivani to‘g‘ridan-to‘g‘ri Urganch aeroporti bilan bog‘lashi mo‘ljallanmoqda. Undan keyin ushbu avtomobil yo‘li qurilishi boshlandi. Pulli yo‘l xalqaro standartlar asosida barpo etilib, uning qiymati $120 mlnni tashkil etadi.
Loyiha doirasida 17 ta ko‘prik, 8 ta yo‘l o‘tkazgich, 1 ta tunnel va 5 ta maxsus o‘tish yo‘lagi qurilishi belgilangan. Sun’iy intellekt asosidagi boshqaruv tizimi bilan jihozlanadigan yo‘l foydalanishga topshirilgach, Urganchdan Xivagacha bo‘lgan safar vaqti taxminan bir soatdan 17 daqiqagacha qisqarishi kutilmoqda.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda birinchi mahalliy tank ishlab chiqilgan bo‘lishi mumkinligi haqida yozgan edi — u prezidentga namoyish etilgan.







