Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 22-iyul kuni Nurafshon shahridagi Nurafshon maxsus texnika korxonasiga tashrif buyurgani haqida xabar berilgandi.
Kompaniya rahbari sifatida tanishtirilgan Nurafshon-maxsus-texnika‘ning ikki muassisidan biri Akmal Karimov O‘zbekiston24 telekanaliga bergan intervyusida korxona besh yil avval O‘zbekiston Qurolli Kuchlari, Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligi uchun mo‘ljallangan Tarlon zirhli avtomobilini ilk bor loyihalashtirib, ishlab chiqarganini ma‘lum qildi. Mashina beshinchi darajali ballistik himoyaga ega bo‘ldi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, avtomobil Yevropa mamlakatlarida tayyorlangan butlovchi qismlardan yig‘ilgan, uning konstruksiyasi, dizayni va chizmalari esa korxonaning o‘z konstruktorlik byurosi tomonidan yaratilgan.
“Bu texnika chet eldan olingan brendlarning litsenziyasi bo‘yicha yoki sotib olingan loyiha bo‘yicha emas, O‘zbekiston muhandislari chizib yaratgan loyiha bo‘yicha ishlab chiqarilgan”, — deya ta‘kidladi Karimov.
Keyinroq, uning aytishicha, Milliy gvardiya va IIVda shahar sharoitida foydalanish uchun ixchamroq zirhli texnikaga ehtiyoj yuzaga kelgan va natijada to‘rtinchi darajali himoyaga ega Qalqon-1 va Qalqon-2 zirhli avtomobillari ishlab chiqilgan. Bundan tashqari, korxona 6×6 va 8×8 g‘ildirak formulasiga ega Arslon bronetransportyorlarini ham yaratdi. Karimovning so‘zlariga ko‘ra, ular allaqachon davlat sinovlaridan o‘tgan va korxona ularni konveyerga qo‘yishga tayyorlamoqda.





Arslon 8×8 va Arslon 6×6 zirhli transportyorlari hamda Qalqon va Tarlon zirhli avtomobillari. Foto: Videodan kadr
Shuningdek, kompaniya 6×6 g‘ildirak formulasiga ega To‘fon o‘ziyurar artilleriya qurilmasini ishlab chiqdi. Taqdim etilgan tavsiflarga ko‘ra, qurilmaning vazni 27 tonna, ekipaji 4 dan 6 kishigacha, uzunligi 11,7 m, eni 2,5 m, balandligi esa 3,8 m ni tashkil etadi.
Mashina 155 mm kalibrli, stvol uzunligi 52 kalibr bo‘lgan to‘p va 18 ta o‘q-doridan iborat jangovar to‘plam bilan jihozlangan. Gorizontal nishonga olish burchaklari −30° dan +25° gacha, vertikal nishonga olish burchaklari esa −2° dan +70° gachani tashkil etadi. Maksimal otish masofasi 41−50 km ga yetadi, o‘q otish tezligi daqiqasiga 6−7 marta, eng yuqori tezligi soatiga 100 km, yurish zaxirasi 600 km, dvigatel quvvati esa 335 ot kuchiga teng.



To‘fon o‘ziyurar artilleriya qurilmasi. Foto: Videodan kadr.
Prezident matbuot xizmati e‘lon qilgan korxonadan olingan fotosuratlar va O‘zbekiston24 telekanali videolavhasida, shuningdek, tashqi ko‘rinishidan tankni eslatuvchi, yirik kalibrli to‘pga ega og‘ir zanjirli zirhli texnika namunasini ham ko‘rish mumkin. Hozircha loyiha, uning nomi yoki texnik tavsiflari haqida hech qanday rasmiy ma‘lumot oshkor etilmagan.


Tashqi ko‘rinishi tankni eslatuvchi og‘ir gusenitsali zirhli texnika (o‘ngda). Foto: Videodan kadr.
Harbiy mavzularga ixtisoslashgan Militarnyi nashri hali 2025-yilning may oyidayoq O‘zbekistonda T-64B tankining chuqur modernizatsiya qilingan varianti ishlab chiqilayotgani haqida xabar bergan edi. O‘shanda nashr texnika suratlari va O‘zbekiston Mudofaa vazirligining taqdimotini e‘lon qilgan bo‘lib, unda tank Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan, quvvati 950 ot kuchiga teng yangi Doosan DP222LC dizel dvigateli hamda qo‘shimcha himoya elementlariga ega yangilangan korpus va minora konstruksiyasi bilan jihozlangani, jangovar og‘irligi 38,5 tonna, maksimal tezligi esa soatiga 50 kilometrni tashkil etishi ko‘rsatilgan edi.



Foto: Tanklar. Tarix va zamonaviylik. Btvt.info / Telegram va Mudofaa vazirligi
Spot, avvalroq, Nurafshonda Kelajak texnologiyalari markazi qurilishi boshlangani haqida yozgandi.












