22-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev Nurafshon shahridagi Nurafshon maxsus texnika korxonasiga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Umumiy qiymati $50 mln bo‘lgan loyiha doirasida 25,8 gektar maydonda tashkil etilgan korxonada hozirda Krantas brendi ostida maxsus turdagi avtomobillar, harbiy texnika va turli mexanizmlar ishlab chiqarilmoqda, 300 nafardan ortiq yuqori malakali mutaxassis doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan.

Ishlab chiqarishda foydalanilayotgan uskuna va texnologiyalar AQSH, Germaniya, Italiya, Shvetsiya, Rossiya, Xitoy hamda Turkiyadan keltirilgan.

O‘tgan davrda 2 yarim ming tonnaga yaqin metall konstruksiya, 300 dan ziyod avtomobil ustqurmasi, 200 dan ortiq shassi va 20 dan ziyod traktor ishlab chiqarildi. Jumladan, o‘tgan yilda 275 mlrd so‘mlik texnika va mexanizmlar buyurtmachilarga yetkazib berildi.

Korxona import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratayotgani qayd etildi.

Shu maqsadda Toshkent shahrining Yangihayot tumanidagi 10 gektar yer maydonida yangi zavod qurish rejalashtirilgan. Bu esa yiliga $15−18 mlnlik mahsulotlarni mahalliylashtirish imkonini berishi kutilmoqda.

Davlat rahbari majmuadagi ishlab chiqarish jarayonlari, mahsulotlar va zamonaviy texnologik yechimlarni ko‘zdan kechirdi. Soha mutasaddilari va muhandislar bilan muloqotda mahalliylashtirishni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Avvalroq Spot Nurafshonda Kelajak texnologiyalari markazi qurilishi boshlangani haqida yozgan edi.