Shavkat Mirziyoyev Nurafshon shahrida axborot xavfsizligi va raqamli texnologiyalarga ixtisoslashgan Cyber University davlat universiteti faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Cyber University davlat universiteti prezidentning 2025-yil 20-yanvardagi qaroriga muvofiq, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida mustaqil oliy taʼlim muassasasi sifatida tashkil etilgan.

Universitetda axborot va kiberxavfsizlik, sunʼiy intellekt va robototexnika, kiberhuquq, raqamli kriminalistika hamda kiberiqtisodiyot sohalari uchun xalqaro talablarga javob beradigan mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Bugungi kunda oliygohda 2 ta fakultet va 4 ta kafedra faoliyat yuritib, 8 ta bakalavriat hamda 2 ta magistratura yo‘nalishida qariyb 1 ming nafar talaba tahsil olmoqda. Universitetda 1 585 o‘rinli o‘quv binosi, 805 o‘rinli talabalar turar joyi, zamonaviy sport majmualari, oshxona va axborot-resurs markazi tashkil etilgan.

Davlat rahbari universitetda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Oliygohda tahsil olayotgan yoshlar bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.

“Kelajakda sizdek mutaxassislarga ehtiyoj yana-da oshadi. Har bir soha va har bir hudud raqamli texnologiyalar bilan hamohang rivojlanmasa, mamlakat taraqqiy etmaydi. Shuning uchun sizlar o‘z ustingizda tinimsiz ishlab, eng zamonaviy bilimlarni egallashingiz kerak”, — dedi prezident.

Universitet jamoasi xalqaro kiberxavfsizlik musobaqalari va Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi xakatonlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Ekologik barqarorlik tamoyillari asosida shakllantirilgan oliygohga Yashil kampus maqomi berilgan.

Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev universitetga tutash hududda barpo etiladigan Kelajak texnologiyalari markazi qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi.

Davlat rahbari o‘z nutqida Muhammad al-Xorazmiy asos solgan algoritmlar bugun global iqtisodiyotning o‘zagi va insonlar kundalik hayotining ajralmas qismiga aylanganini taʼkidladi.

Hozirgi dunyoda raqobat yillar va oylar bilan emas, balki daqiqalar va soniyalar bilan o‘lchanmoqda. Raqamlashtirishni ortga surgan, sunʼiy intellektni o‘zlashtirmagan va innovatsiyalarga sarmoya kiritmagan davlatlar global taraqqiyotdan ortda qolishi qayd etildi.

“Hayotimizning barcha jabhalarini raqamlashtirish bilan jiddiy shug‘ullanmasdan turib, rivojlanish mumkin emas. Busiz kelajagimiz yo‘qligini barchamiz teran anglashimiz kerak”, — dedi prezident.

Umumiy maydoni 36 gektar bo‘lgan markaz qurilishiga qariyb $500 mln investitsiya jalb qilinadi. U taʼlim, ilmiy tadqiqot, texnologik sinov va ishlab chiqarish jarayonlarini birlashtiradigan yagona innovatsion ekotizim bo‘ladi.

Nurafshon shahrining tanlanishi bejiz emas. Bu yerdagi Cyber Universityda kiberxavfsizlik hamda axborot himoyasi sohalarida qariyb 1 ming nafar mutaxassis tayyorlanmoqda. Endi universitet atrofida butun mamlakat uchun namuna bo‘ladigan yaxlit innovatsion klaster shakllantiriladi.

Markazda kiberxavfsizlik, sunʼiy intellekt, bulutli texnologiyalar va kriptografiya yo‘nalishlarida 6 ta zamonaviy laboratoriya tashkil etiladi.

Shuningdek, sunʼiy intellekt data-markazi va muhandislik klasteri, himoyalangan kompyuter hamda maʼlumot uzatish qurilmalari, yuqori texnologik tokenlar ishlab chiqarish markazi barpo etiladi. Uchuvchisiz dron qurilmalari va robototexnika vositalarini sinovdan o‘tkazish uchun maxsus poligon faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida mahalliy texnologiyalarni tijoratlashtirish va milliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish platformasi yaratiladi. Loyihalarni barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun 5 megavattli energetika quvvatlari barpo etiladi.

Markazga yetakchi global kompaniyalar, universitetlar va olimlarni jalb qilish, talabalar va xodimlar uchun zamonaviy ijtimoiy, madaniy va maishiy infratuzilma yaratish ko‘zda tutilgan.

Eng muhimi, mazkur innovatsion ekotizimda 5 mingdan ziyod yuqori malakali ish o‘rni tashkil etiladi. Markaz Toshkent viloyatida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va hududning innovatsion salohiyatini yuksaltirishga katta turtki beradi.

Qayd etilganidek, joriy yilda Toshkent viloyatining raqamli xizmatlar eksporti ilk bor $50 mlnga yetishi kutilmoqda. Mavjud imkoniyatlarni yana-da kengaytirish uchun Nurafshon va Chirchiq shaharlarida zamonaviy IT park binolari qurilishiga ham start berildi.

“Uzoqni ko‘zlab, chin dildan amalga oshirayotgan ortga qaytmas islohotlarimiz Yangi O‘zbekiston bunyodkori bo‘lgan yoshlarimiz kelajagi uchun mustahkam poydevor bo‘ladi. Raqamli O‘zbekiston kelgusi avlodlarga bizdan munosib meros bo‘lib qoladi”, — dedi davlat rahbari.

Mazkur maskanni Toshkent viloyatining sunʼiy intellekt va raqamlashtirish markaziga, yoshlarning bilim, isteʼdod va qobiliyatini ro‘yobga chiqaradigan zamonaviy majmuaga aylantirish asosiy maqsad ekani taʼkidlandi.

Kelajak texnologiyalari markazida amalga oshiriladigan ilmiy ishlanmalar, texnologik yechimlar va kashfiyotlar mamlakatning xalqaro nufuzini yana-da yuksaltirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Marosimda Xitoy, Rossiya va Germaniya kompaniyalari ishtirokida amalga oshiriladigan, umumiy qiymati $465 mln bo‘lgan 9 ta yangi loyiha qurilishiga ham start berildi.

Ushbu yangi quvvatlar ishga tushishi natijasida yana 5 mingta ish o‘rni yaratiladi, aholining zamonaviy ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengayadi.

Shavkat Mirziyoyev xorijiy hamkorlar, mutaxassislar va quruvchilarga muvaffaqiyat tiladi.


Spot, avvalroq, Toshkent va Nurafshon o‘rtasidagi qatnovni tezlashtiruvchi yangi yo‘l o‘tkazgich ochilgani haqida yozgandi.