Avvalroq Spot 3-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadini oshirishni yangi bosqichga olib chiqish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilgani haqida yozgan edi.

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning ma’lum qilishicha, 2022-yilda viloyatda 275,5 ming nafar kambag‘al aholi bo‘lgan. Hozirda kambag‘allik darajasi 4% dan pastga tushirilgan, ishsizlik esa 2,8% ni tashkil qilmoqda.

Viloyatda kambag‘allikni qisqartirish uchun mahallalar kesimida alohida loyihalar ishlab chiqilmoqda. Xususan, Bo‘ka tumanidagi to‘rtta mahalla — Xo‘jaqo‘rg‘on, Yangiqo‘rg‘on, Quldiruq va Yangiobodda 10 ming nafar ishsiz fuqaro borligi aniqlangan. Bu tuman ishsizlarining qariyb 15% ushbu mahallalarga to‘g‘ri keladi.

bandlik, kambag‘allik, shavkat mirziyoyev, tadbirkorlik, toshkent viloyati, zoyir mirzayev

Mirzayev Ohangaron tumani kambag‘allikdan chiqib, “donor” shahar bo‘lganini ta’kidladi. Qolgan hududlarda ham bu ko‘rsatkichni qisqartirish uchun tadbirkorlarni jalb qilish ko‘zda tutilgan.

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, Ohangaron tumanida joylashgan Premier korxonasi 460 ming aholini ish bilan ta’minlashni va’da qilgan. Buning uchun Bo‘ka tumanidagi yuqoridagi to‘rtta mahallada o‘quv kurslarini tashkil etish va mutaxassislarni tayyorlash rejalashtirilmoqda. Viloyat hokimligi esa ishchilarni mahallalardan korxonalarga olib borib-kelish uchun avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yadi.

“Xuddi shunday qilib Yangiyo‘l shahriga Yangiyo‘l tumani bilan birga Chinoz, Oqqo‘rg‘onni bog‘lab beryapmiz”, — dedi u.

Zoyir Mirzayev Markaziy bankda fuqarolar uchun tayyor loyihalarni ishlab beradigan ofis tashkil etilganini ta’kidladi. Banklar fuqarolarga loyiha tayyorlab beradi. Hokim tadbirkorlarga kambag‘al oilalar ro‘yxatini taqdim etib, ularni ishga jalb qilish evaziga qo‘shimcha kredit ajratish mexanizmini joriy etish mumkinligini bildirdi. Bu orqali kamida 10 nafar fuqaroni ishga olgan tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanadi.

Toshkent viloyatida chekka qishloqlarda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish uchun yengil konstruksiyali konteynerlardan foydalanish bo‘yicha yangi tajriba boshlandi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 193 ta konteynerga ehtiyoj mavjud bo‘lib, ular orqali kamida 300 ta ish o‘rni yaratilishi mumkin.

Konteynerlar sartaroshxona, savdo shoxobchasi, fastfud va boshqa xizmat ko‘rsatish nuqtalari sifatida jihozlanib, tadbirkorlarga ijaraga beriladi. Yoshlar yetakchilari konteynerlarni tayyor holda imtiyozli ijara asosida berishni taklif qilgan.

Shuningdek, 106 ta tadbirkorlik subyekti muzlatkich, mikser, xamir qorish va kichik oziq-ovqat ishlab chiqarish uskunalarini xarid qilib, fuqarolarga bepul ijaraga berishga tayyorligini bildirgan.

Zoyir Mirzayev ushbu mexanizmlarni viloyatdagi 38 ta eng og‘ir mahallada joriy etish imkoniyati mavjudligini ma’lum qildi.

bandlik, kambag‘allik, shavkat mirziyoyev, tadbirkorlik, toshkent viloyati, zoyir mirzayev

Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida faoliyat yuritadigan 65 ming nafar tadbirkor ishonchli ekanini ta’kidlab, viloyat hokimidan yil yakuni bilan kutiladigan natijalarni so‘radi.

“Davlat qaramog‘idan tashqari bo‘lganlarni to‘liq kambag‘allikdan chiqaramiz. Ishsizlik 2,8% ga tushdi. Xudo xohlasa, yil oxirida bizda ishsizlik mutlaqo bo‘lmaydi, hisob-kitobimiz bor”, — dedi Zoyir Mirzayev.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda biznesi yurishmagan 62 ming aholi bankdan olgan qarzini qaytarishga qiynalayotgani haqida yozgan edi.