Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yil boshida respublikada kambag‘allik darajasi 5,8% ga tushib, ehtiyojmand aholi soni 2,2 mln nafar edi. Hozir bu ko‘rsatkich 1,5 mln nafarni tashkil etmoqda. Ishni to‘g‘ri tashkil qilgan 49 ta tuman va 3 429 ta mahalla ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylanayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Ayni paytda qolgan 159 ta tuman va shahar hamda 5 536 ta mahalladagi mas‘ullar faoliyatida natija yetarli emasligi tanqid qilindi.

Davlat rahbari barcha hududlarga bir xil vakolat, resurs va imkoniyat berilganini ta‘kidlab, ulardan samarali foydalanish zarurligini qayd etdi.

Yig‘ilishda joylarda natija bo‘lmayotganining asosiy sabablari tahlil qilindi.

Mahalla yettiligi uchun mas‘ul rahbarlar viloyat, tuman, shahar va mahalladagi xodimlarga qabul qilingan qarorlarni qanday ijro etish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar bermayotgani qayd etildi.

Ayrim rahbarlar yaratilgan sharoitlardan to‘g‘ri foydalanish va “yettilik” faoliyatiga xolis baho berishni bilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Tuman va mahallada kambag‘allik hamda ishsizlikka mas‘ul xodimlarda hadik borligi, hech kim mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olishni istamayotgani tanqid qilindi.

Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha 50 yillik tajribaga ega Xitoy ham zamon talabidan kelib chiqib, quyi tizimga doimiy ravishda aniq ko‘rsatmalar berib borishi ta‘kidlandi.

“O‘tgan uch yilda mahallalardagi tadbirkorlik loyihalariga 314 trln so‘m resurs ajratildi. Lekin kreditlarning kambag‘allikni qisqartirishga ta‘siri barcha tumanda birdek sezilmayapti”, — dedi davlat rahbari.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda kambag‘al oilalar bilan individual ishlash tartibi kuchaytirilishi haqida yozgandi.