O‘zbekistonda kambag‘al oilalar bilan individual ishlash tartibi kuchaytiriladi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida bosh vazir o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi.

Muhokamada deputat Zulayho Akromova kambag‘allikni qisqartirish, aholini, ayniqsa yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash masalalarini ko‘tardi. Uning ta’kidlashicha, bu boradagi ishlar davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan hamda bugungi kunda real natijalarini ko‘rsatmoqda.

Akromova kambag‘allik darajasining 5% dan 4,5% gacha tushgani, 506 mingdan ortiq fuqaroning doimiy ish bilan ta’minlangani va 15 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning bandligi ta’minlanganini ijobiy baholadi.

Shu bilan birga, deputat Ijtimoiy reyestrga kiritilgan 227 mingta kambag‘al oila bo‘yicha ishlab chiqilgan individual rejalar qanday natija berayotganiga qiziqdi. U nogironligi bo‘lganlarni ishga qabul qilayotgan korxonalarga berilayotgan imtiyoz va rag‘batlantirish mexanizmlari bugungi kun talablariga javob beradimi, degan savolni ham o‘rtaga tashladi.

bandlik, botir zohidov, jamshid qo'chqorov, kambag‘allik

Kambag‘allik darajasi 2,8% gacha tushiriladi

Kambag‘allik va bandlik vaziri Botir Zohidovning ma’lum qilishicha, joriy yil yakunigacha O‘zbekistonda kambag‘allik darajasini 2,8% gacha qisqartirish rejalashtirilgan.

Buning uchun barcha kambag‘al oilalar bilan alohida ishlashish bo‘yicha individual rejalar ishlab chiqilgan. Birinchi yarim yillikda 129 mingta oilani daromad keltiruvchi vosita va xizmatlar bilan qamrab olish rejalashtirilgan bo‘lsa, amalda bu ko‘rsatkich ikki baravardan ko‘proqni — 294 mingta oilani tashkil etdi.

Natijada:

  • 105 ming kambag‘al oila a’zosi doimiy ishga joylashtirildi;
  • 59 ming kishi tadbirkorlikka jalb qilindi;
  • 12 ming kishi kasb-hunarga o‘qitildi;
  • daromadi oshgani sababli 275 ming oila Ijtimoiy reyestrdan chiqarildi.

Zohidovning aytishicha, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarni rag‘batlantirish mexanizmlari ham qayta ko‘rib chiqilib, samarasiz vositalar bekor qilinib, yangilari joriy qilingan. Hozirda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi va Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi hisobidan 6 turdagi subsidiya ajratish ko‘zda tutilgan.

Ular ish joylarini nogironligi bo‘lgan xodimlarga moslashtirish, ularni kasbga tayyorlash, belgilangan kvotadan ortiq xodimlarni ishga qabul qilgan korxonalarni rag‘batlantirish hamda 10 nafardan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxsni ishga olgan korxonalarga surdo-tarjimon va psixolog xizmatlarini ko‘rsatishni o‘z ichiga oladi. Vazir har bir vosita reja asosida joriy qilinishini qayd etdi.

bandlik, botir zohidov, jamshid qo'chqorov, kambag‘allik

Kambag‘allikni qisqartirishda manzilli ishlash

Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov deputatning individual rejalar bo‘yicha savoliga javoban, 227 mingta kambag‘al oila bo‘yicha tuzilgan rejani amalga oshirish va ularni nazorat qilish qiyin masala ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiy blokda bu masala har hafta muhokama qilinadi.

Vazir, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarni rag‘batlantirish mexanizmlari haqida ham gapirdi. Uning qayd etishicha, amaldagi tizim o‘z vazifasini bajarmoqda, zaruratga qarab, uni yanada takomillashtirish bo‘yicha tegishli takliflar ishlab chiqilishi mumkin.

Qo‘chqorovga ko‘ra, davlat rahbari kambag‘allikni faqat foizlarda baholash yetarli emasligini ta’kidlab, individual rejalar asosida aholiga ko‘rsatilayotgan yordam natijadorligini o‘rganishni topshirgan. U Xorazm viloyatini misol qilib, hududda kambag‘allik darajasi past ko‘rinsa-da, 81 ming kishi kambag‘al oilalar tarkibida ekanini qayd etdi.

Natijada, Iqtisodiy blok mutasaddilari, jumladan, Bandlik vaziri Botir Zohidov va Markaziy bank raisi Timur Ishmetov hududlarda o‘rganishlar olib bordi. Xususan, Qo‘shko‘pir tumanidagi to‘rtta mahalla tanlab olinib, tahlil qilingan. O‘rganishlarda viloyatda 81 ming kambag‘al aholining 59 ming nafari mehnatga layoqatsiz aholi — yosh bolalar, o‘quvchilar, talabalar, uch yoshgacha farzandi bor ayollar va pensiya yoshidagilar ekani aniqlangan.

Qolgan 22 ming nafari esa mehnatga layoqatli fuqarolar hisoblanadi. Ularning bir qismi ishlaydi, ayrimlari esa o‘zini o‘zi band qilgan. Biroq ularning daromadi oila a’zolari soniga hisoblaganda minimal iste’mol xarajatlaridan past bo‘lgani sababli kambag‘al oila toifasiga kiritilgan.

Vazirning ta’kidlashicha, endilikda kambag‘allikni qisqartirishda asosiy e’tibor foiz ko‘rsatkichlariga emas, har bir kambag‘al oilani individual rejalar asosida aniq belgilash va uning muammosidan kelib chiqib ishlashga qaratiladi. Masalan, oiladagi bola maktabda o‘qisa, uning ta’limi, sport to‘garagiga yoki qo‘shimcha darslarga qatnashishi kabi masalalar ham nazorat qilinishi kerak.

“Hozir prezidentimiz bizning zimmamizga kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlarni manzilli ishlash mexanizmiga o‘tkazish vazifasini qo‘ydilar. Biz bu bo‘yicha tayyorgarlik va o‘rganish ishlarini olib boryapmiz”, — deya xulosa qildi Jamshid Qo‘chqorov.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 4,5% gacha pasaygani haqida yozgan edi.