Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzakov 25-avgust kuni poytaxtda renovatsiya dasturini amalga oshirish to‘g‘risidagi qarorni tasdiqladi. Hujjat E-qaror portalida e‘lon qilindi.
Unda fuqarolarni uy-joy bilan ta‘minlash va kompleks qurilish mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish tartibi belgilangan. Ular prezidentning 24-fevraldagi qarori va farmoni bilan tasdiqlangan edi.
Qarorga muvofiq, 2028-yil 1-martgacha kompleks qurilish sohasida maxsus huquqiy rejim (tartibga solish qumdoni) ishga tushiriladi hamda tegishli loyihalarni amalga oshirish tartibi belgilanadi. Shuningdek, hujjatda kompleks qurilish uchun mo‘ljallangan hududlar, jumladan, Toshkentning uchta tumanidagi — Yashnobod tumanining Jarqo‘rg‘on, Mirobod tumanining A. Fitrat va Sergeli tumanining Xonobodtepa mahallalaridagi uchastkalar ro‘yxati keltirilgan.
Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi har bir kompleks qurilish loyihasini amalga oshirish uchun yillik 5% stavka bilan besh yil muddatga, jumladan, ikki yillik imtiyozli davr bilan $20 mln miqdorida kredit ajratadi.
Loyihalarni amalga oshirish uchun hokimliklar huzuridagi investitsiya kompaniyalari, jumladan, Tashkent Invest mas‘ul hisoblanadi. Kompleks qurilish hududlarida yashil zonalar, ekobog‘lar va xiyobonlar barpo etish ham ularning zimmasiga yuklatilgan.
Tashkent Invest hokimlikning Bosh moliya-iqtisodiyot boshqarmasi va Kadastrlar palatasi bilan birgalikda kompleks qurilish uchun ajratilgan hududlardagi ko‘chmas mulk hamda uning mulkdorlari to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni to‘plashi kerak. Bunga 10 kun muddat ajratilgan.
Bundan tashqari, kompaniya Sergeli, Mirobod va Yashnobod tumanlari ma‘muriyatlari bilan birgalikda loyihalar qamrab oladigan mahallalarda shtablar tashkil etishi lozim. Ularning vazifasi mahalliy aholi va mulkdorlarga renovatsiya to‘g‘risidagi qarorlarning mazmun-mohiyatini tushuntirishdan iborat bo‘ladi.
Shtab tarkibiga Tashkent Invest, hokimliklar, adliya va qurilish boshqarmalari, Kadastrlar palatasi hamda boshqa tegishli tashkilotlar vakillari kiritiladi.
Kompaniyaga buziladigan ko‘chmas mulk egalariga yashash joyi yaqinidan yangi uy-joy ajratish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va developerlar bilan muzokaralar olib borish topshirildi. Shuningdek, Tashkent Invest kompensatsiya turlarini kelishish va mulkdorlar bilan notarial tasdiqlangan kelishuvlar tuzish uchun ham mas‘uldir.
Kompaniyaning yana bir vazifasi — kompleks qurilish hududlari uchun master-rejalar va qurilish loyihalarini ishlab chiqishga loyiha tashkilotlarini jalb etishdan iborat. Buning uchun eng yaxshi takliflarni tanlab olish usulidan foydalanish mumkin.
Tuman hokimliklari ikki kun ichida loyihalar qamrab oladigan uy-joy mulkdorlariga kompensatsiya olish uchun shtablarga murojaat qilishlari to‘g‘risida xabarnomalar yuborishi kerak. Shtablarga biriktirilgan xodimlar topa olmagan mulkdorlar bilan aloqa o‘rnatishga poytaxt IIBB va Mahallar uyushmasi boshqarmasi yordam beradi.
Elektr energiyasi, gaz va suv ta‘minoti, issiqlik, maishiy chiqindilarni olib ketish xizmatlari bo‘yicha barcha qarzdorliklar, shuningdek, balansdagi mablag‘lar (ortiqcha to‘lovlar) yangi xonadonlarning hisobvaraqlariga o‘tkaziladi.
Iyun oyida prezident shaharsozlikda renovatsiya faoliyati to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjat renovatsiya loyihalarining butun siklini — dastlabki tashabbusdan tortib, aholiga kompensatsiya to‘lash va yangi obyektlarni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan jarayonni tartibga soladi. Qonun 2025-yil 9-sentyabrda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va 2026-yil 7-aprelda Senat tomonidan ma‘qullangan bo‘lib, rasman e‘lon qilinganidan olti oy o‘tgach kuchga kiradi.
Spot, avvalroq, Toshkentda renovatsiya doirasida har yili 15 minggacha aholini ko‘chirish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.