10-iyun kuni prezident “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida"gi qonun (O‘RQ-1149-son) ni imzoladi.
Hujjat bilan shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirishning asosiy tartibi belgilandi. Bunga shaharsozlik renovatsiyasi hududida joylashgan turar va noturar joylarning eskirganligi, yashash va foydalanish uchun yaroqsiz bo‘lib, avariya holatiga kelib qolganligi, shuningdek, hudud aholisining ijtimoiy hayotiga jiddiy ta’sir qiladigan holatlarning mavjudligi asos bo‘ladi.
Shaharsozlik renovatsiyasi quyidagi turlardan iborat:
- mavjud obyektni asosiy konstruksiyasini o‘zgartirmasdan rekonstruksiya qilish;
- mavjud obyektni buzish va bo‘shagan yer uchastkasida buzilgan obyekt toifasidagi yangi obyektni qurish;
- yashil hududlarni va boshqa hududiy zonalarni tashkil etish.
Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish bo‘yicha taklif quyidagi subyektlar tashabbusiga ko‘ra kiritilishi mumkin:
- davlat tashabbusiga ko‘ra;
- huquq egalarining tashabbusiga ko‘ra;
- uchinchi shaxslarning tashabbusiga ko‘ra.
Vazirlar Mahkamasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida shaharsozlik renovatsiyasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari tashkil etiladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach — dekabr oyidan boshlab kuchga kiradi.
10-iun kuni Shavkat Mirziyoyev urbanizatsiya va shaharsozlik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Unda shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilgani ma’lum qilingandi. Unda renovatsiya hududlarini belgilash, aholi roziligini olish, kompensatsiya va ko‘chirish tartiblari, investorlar majburiyatlari hamda davlat organlari vakolatlarini aniq belgilash nazarda tutilmoqda.