Avvalroq Shavkat Mirziyoyev urbanizatsiya va shaharsozlik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgan edi.
Taqdimotda bitta qurilish obyekti bo‘yicha ma’lumotlar hozirda bir nechta axborot tizimlarida alohida yuritilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
UzKad, E-auksion, E-qaror, Shaffof qurilish, Mening uyim kabi tizimlardagi ma’lumotlar o‘zaro bog‘lanmagani sababli yer uchastkasi, loyiha hujjatlari, ekspertiza, qurilishga ruxsatnoma va obyektni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan jarayonlar tarqoq holda shakllanmoqda.
Shu bois, qurilish jarayonlariga yagona identifikator, hududning raqamli pasporti, loyihaning raqamli pasporti va obyektning raqamli pasportini joriy etish taklif qilindi. Bu obyektning butun hayot siklini yagona raqamli konturda qamrab olish imkonini beradi.


Shaharsozlik renovatsiyasi masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Mamlakatdagi 1991-yilgacha qurilgan 17 mingta uylar o‘rniga zamonaviy, energiya tejamkor, infratuzilma bilan ta’minlangan ko‘p kvartirali uylar qurish mumkinligi ko‘rsatildi.
Hozirgacha renovatsiya jarayonlarini tartibga soladigan yagona qonun mavjud emas edi. Shu bois, shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi yangi qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Unda renovatsiya hududlarini belgilash, aholi roziligini olish, kompensatsiya va ko‘chirish tartiblari, investorlar majburiyatlari hamda davlat organlari vakolatlarini aniq belgilash nazarda tutilmoqda.
Renovatsiya loyihalari orqali eskirgan uy-joy fondini yangilash, aholi uchun xavfsiz va qulay yashash sharoitlarini yaratish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, yashil hududlar va ijtimoiy infratuzilmani kengaytirish maqsad qilingan.


Prezident shaharsozlik va urbanizatsiya sohasidagi islohotlar aholi uchun qulay muhit va barqaror rivojlanish tamoyillariga asoslanishi zarurligini ta’kidladi.
Mutasaddilarga bosh rejalar va master-rejalarni raqamlashtirish, Uy-joy yagona platformasini ishga tushirish, ulushli qurilishda fuqarolar huquqlarini kafolatlash, eskrou mexanizmlarini joriy etish hamda renovatsiya bo‘yicha aniq va adolatli tartiblarni shakllantirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Avvalroq Spot Samarqanddagi Kimyogarlar qo‘rg‘oni renovatsiya qilinishi haqida yozgan edi.



