Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyati hududlarini kompleks rivojlantirish, olis tumanlarda aholi turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgani haqida yozgan edi. Unda viloyatning turizm salohiyatini yanada kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Joriy yil boshidan O‘zbekistonga kelgan xorijiy turistlar soni 27,3% ga oshib, 5,4 mln nafarga yetdi. Ular sonini 20 mln nafarga, turizm eksportini $10 mlrdga yetkazish ko‘zda tutilgan. Buning uchun hududlarda turistlarni uzoqroq ushlab qoladigan yangi yo‘nalishlar va servis obyektlarini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi.
Shu sabab, Samarqandning tarixiy markazidagi 13 ta ko‘chani piyodalar hududiga aylantirish, yangi turizm va servis obyektlarini barpo etish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, Ohalik-Oqbo‘yro-Mironqul turistik-rekreatsion zonasi hududini kengaytirish taklif qilindi. Imom Moturidiy yodgorlik majmuasi qarshisidan oqib o‘tuvchi Shaar kollektori atrofini obodonlashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Natijada Samarqand shahri, Nurobod va Samarqand tumanlarida mehmonxonalar sonini 850 taga, nomer fondini 20 ming o‘ringa, turizm xizmatlari hajmini $750 mlnga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda aholi yashashi uchun qulay infratuzilma yaratish eng asosiy vazifa ekani ta’kidlandi. Buning uchun ijtimoiy obyektlar qurish, yo‘l, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari, elektr ta’minotini yaxshilash, servis va renovatsiya loyihalarini amalga oshirish, sanoat loyihalarini infratuzilma bilan ta’minlash maqsadida 1,2 trln so‘m ajratish taklifi bildirildi.
Samarqand shahrida renovatsiya dasturi asosida Kimyogarlar qo‘rg‘onini aholi uchun qulay qiyofaga keltirish bo‘yicha master-rejani bir oy muddatda tasdiqlash vazifasi qo‘yildi.
Shu bilan birga, Bulung‘ur tumanida qurilayotgan Yangi O‘zbekiston massivi hududini kengaytirish, yil yakuniga qadar Samarqand shahrining Temiryo‘l orti hududidagi bo‘sh turgan yer va binolar o‘rnida sport, madaniyat, musiqa va san’at maskanlarini tashkil etish topshirildi.
Viloyat hokimligi huzurida ijtimoiy soha obyektlarini qurish va ta’mirlash jamg‘armasini tashkil etish ma’qullandi. Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha iqtisod qilingan mablag‘lar jamg‘armaga yo‘naltiriladi.
Davlat rahbari Samarqand viloyatining har bir tumanida mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadini oshirish va hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tafovutni qisqartirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.
Avvalroq Spot Samarqanddagi bir nechta oliygoh va filiallar qayta tashkil etilishi haqida yozgan edi.