Prezidentning Samarqand viloyatidagi oliy ta‘lim tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan qarori qabul qilindi. Hujjat Lex.uz portalida eʼlon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti negizida Samarqand davlat texnika universiteti tashkil etiladi.

Shuningdek, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filiali Samarqand davlat universiteti tarkibiga qo‘shib olinadi.

Samarqand davlat universitetining Urgut filiali ham qayta tashkil etiladi. Xususan, filialning Biznesni boshqarish va tabiiy fanlar fakulteti Samarqand davlat universitetiga, Pedagogika va tillarni o‘qitish fakulteti esa Samarqand davlat pedagogika institutiga biriktiriladi.

Mazkur filial negizida Samarqand davlat pedagogika institutining Urgut fakulteti faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Samarqand filiali Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga qo‘shib olinadi.

Qaror bilan talabalarning o‘qishini davom ettirish tartibi ham belgilandi.

Jumladan, Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti talabalari Samarqand davlat texnika universitetiga o‘tkaziladi.

Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filiali hamda SamDU Urgut filialining Biznesni boshqarish va tabiiy fanlar fakulteti talabalari Samarqand davlat universitetida tahsil oladi.

SamDU Urgut filiali Pedagogika va tillarni o‘qitish fakulteti talabalari esa Samarqand davlat pedagogika institutining Urgut fakultetiga biriktiriladi.

Shuningdek, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Samarqand filiali talabalari Samarqand iqtisodiyot va servis institutida o‘qishni yakunlaydi.

Talabalarga o‘qish yakunida tahsilni davom ettirayotgan oliy ta‘lim muassasasining diplomi beriladi.

Qarorga ko‘ra, SamDU Urgut filiali Biznesni boshqarish va tabiiy fanlar fakultetining 2025/2026-o‘quv yilida tahsil olayotgan talabalariga o‘qishni tamomlaguniga qadar Samarqand davlat pedagogika institutining Urgut fakulteti binosida ta‘lim olish imkoniyati yaratiladi.

Spot, avvalroq, tibbiyot oliygohlarida super-kontrakt bekor qilinishi mumkinligi haqida yozgandi.