O‘zbekistondagi tibbiyot oliygohlarida oshirilgan kontrakt bekor qilinishi mumkin. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qaror loyihasida qayd etilgan.

Loyihaga ko‘ra, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab tibbiyot OTMlarida “davolash ishi” va “pediatriya ishi” yo‘nalishlari negizida 5+1 shaklidagi “umumiy tibbiyot” bo‘yicha 6 yillik yo‘nalish joriy etiladi. Umumiy tibbiyot yo‘nalishi bitiruvchilari oilaviy shifokor mutaxassisligiga ega bo‘lishi mumkin.

“Davolash ishi” va “pediatriya ishi” taʼlim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalarning o‘quv jarayonlari yangi moslashtirilgan o‘quv reja va dasturlar asosida tashkil etilishi kutilmoqda.

Bakalavriat taʼlim yo‘nalishlarida bitiruvchi kurs talabalari uchun to‘liq o‘quv yili davomida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami va yo‘nalishi bo‘yicha tegishli muassasalarda amaliyot o‘tash tizimi joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

Stomatologiya yo‘nalishida talabalarning amaliy mashg‘ulotlarini tashkil etish maqsadida tibbiyot OTMlariga stomatologik poliklinikalar biriktirib berilishi qayd etilmoqda

Loyihaga ko‘ra, kelgusi o‘quv yilidan tibbiyot oliygohlaridagi bakalavriat taʼlim yo‘nalishlarida oshirilgan to‘lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilish tartibi bekor qilinadi.

Bakalavriat, rezidentura va magistratura mutaxassisliklari har bir o‘quv modulining akademik ko‘rsatkichlarini o‘zlashtirishda, shuningdek davlat imtihonlarida minimal o‘tish ballari shifokor mutaxassisliklari uchun 70%, o‘rta tibbiy xodim mutaxassisliklari uchun 60% etib belgilanmoqda.

Aholi orasida eng ko‘p uchraydigan va o‘lim xavfi yuqori bo‘lgan kasalliklar hamda holatlar bo‘yicha o‘qitish uchun ajratilgan kredit soatlari ko‘paytiriladi.

Spot, avvalroq, OTMlarning milliy reytingini aniqlash tartibi tasdiqlangani haqida yozgandi.