Oliy taʼlim tashkilotlarining milliy reytingi joriy etildi. Bu bo‘yicha tegishli nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Milliy reyting Taʼlim sifatini taʼminlash agentligi tomonidan yuritiladi.
O‘zbekistondagi davlat va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari milliy reytingda amaliy, tibbiyot, ijtimoiy-gumanitar hamda ijod va sport yo‘nalishlari bo‘yicha alohida baholanadi.
Har yili 1-noyabrgacha o‘tgan yil uchun milliy reyting natijalari eʼlon qilinadi.
Bunda, har yili 1-iyunga qadar talabalar, professor-o‘qituvchilar va ish beruvchilar o‘rtasida umummilliy so‘rovnoma va xalqaro ekspertlar o‘rtasida xalqaro obro‘ni baholashga qaratilgan so‘rovnoma o‘tkaziladi.
Milliy reytingni hisoblashda foydalaniladigan jami 25 ta indikatordan 5 tasi umummilliy so‘rovnoma asosida aniqlanadi.
Ushbu so‘rovnoma natijalari inobatga olinishi uchun OTTdagi talabalar va professor-o‘qituvchilarning kamida 20%i so‘rovnomada ishtirok etishi lozim.
Avvalroq talabalarni ish bilan taʼminlash bo‘yicha yangi tartib joriy etilgani haqida xabar berilgandi. Bunda talabalar shartnoma pulini ish beruvchi hisobidan to‘lashi mumkinligi belgilangan.