Shavkat Mirziyoyev 10-iyun kuni Samarqand viloyati hududlarini kompleks rivojlantirish, olis va chekka tumanlarda aholi turmush darajasini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Davlat rahbarining o‘tgan yil dekabr oyidagi viloyatga tashrifidan so‘ng hududni 2026-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilanib, bunga qo‘shimcha $100 mln ajratilgan edi. Shu yil mart oyida Narpay tumaniga tashrif davomida esa viloyatning olis va chekka hududlarini alohida yondashuv asosida rivojlantirish bo‘yicha topshiriq berilgandi.
Yig‘ilishda ushbu topshiriqlar ijrosi Bulung‘ur, Narpay, Oqdaryo, Paxtachi, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahri misolida ko‘rib chiqildi.
Chekka hududlarda aholi ko‘p bo‘lsa-da, yuqori daromadli ish o‘rinlari yetarli emasligi qayd etildi. Narpay, Qo‘shrabot, Paxtachi, Kattaqo‘rg‘on tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahrining viloyat sanoatidagi umumiy ulushi atigi 10% ni tashkil qiladi.
Narpay, Paxtachi, Pastdarg‘om tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahrida ishsizlik va kambag‘allik darajasi boshqa hududlarga nisbatan yuqori. Mazkur hududlarning salohiyatidan kelib chiqib, ularni aniq ixtisoslashuv asosida rivojlantirish taklif etildi.
Bulung‘ur, Qo‘shrabot, Paxtachi va Kattaqo‘rg‘on tumanlari qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va bog‘dorchilik markazi sifatida rivojlantiriladi.
Bulung‘urda yillik quvvati 100 ming bosh bo‘lgan $50 mlnlik naslchilik korxonasi, Qo‘shrabot va Oqdaryoda yillik quvvati 800 ming dona bo‘lgan $20 mlnlik naslli jo‘ja korxonalarini ishga tushirish rejalashtirilgan.



Narpay tumani va Kattaqo‘rg‘on shahri sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarining o‘sish nuqtasiga aylantiriladi.
Narpayda 100 gektar maydonda sanoat zonasi tashkil etilib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha $500 mlnlik loyihalar joylashtiriladi. Bu jarayonga Yaponiyaning 10 ta yirik kompaniyasini jalb etish ko‘zda tutilgan.
Oqdaryo tumani parrandachilik, to‘qimachilik va qayta ishlash sanoatiga ixtisoslashgan hudud sifatida rivojlantiriladi.
Yig‘ilishda Narpay, Paxtachi, Pastdarg‘om tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahrida ishsizlik darajasini 3% gacha, kambag‘allikni 2% gacha tushirish, Ishtixon, Narpay, Nurobod, Paxtachi, Qo‘shrabot va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida eksportni 20% ga oshirish, shuningdek, Bulung‘ur, Narpay, Nurobod, Payariq, Paxtachi, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahrida xizmatlar hamda sanoat hajmini 2 karra ko‘paytirish bo‘yicha loyihalar taqdimot qilindi.
Avvalroq Spot Samarqanddagi bir nechta oliygoh va filiallar qayta tashkil etilishi haqida yozgan edi.


