Shavkat Mirziyoyev 10-iyun kuni urbanizatsiya va shaharsozlik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Unda ulush kiritish asosida ko‘p kvartirali uy-joy qurilishi sohasidagi holat tahlil qilindi. So‘nggi yillarda bunday uylar qurilishi hajmi 2,5 barobar ko‘payib, o‘tgan yili 11 mln kvadrat metrdan oshdi.
Bundan tashqari, ulushli uy-joy qurilishi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar ko‘paygani qayd etildi. O‘tgan yilning o‘zida 3 mingga yaqin fuqaroga 668 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.
Shu bois, ulushli qurilishga oid qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Unda ulushli qurilish loyihalarini yangicha yondashuvlar asosida tartibga solish, fuqarolar mablag‘larini himoya qilish va qurilish jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash nazarda tutilgan.
Ulushli qurilishni moliyalashtirishning yangi tizimi — eskrou hisobvaraqlari mexanizmi ham muhokama qilindi. Bunda xaridorlar mablag‘i vakolatli bankdagi maxsus hisobvaraqda saqlanadi, qurilish ishlari belgilangan shartlar asosida bajarilgandan keyingina quruvchiga o‘tkaziladi.
Eskrou tizimi quyidagi to‘rt asosiy qoidaga asoslanadi:
- eskrou hisobvaraqlariga tushgan mablag‘lar kreditorlarning undiruviga qaratilmaydi;
- investorlar va quruvchilar faqat vakolatli banklar orqali ishlaydi;
- topshirish dalolatnomasi imzolangandan so‘ng mablag‘lar quruvchiga o‘tkaziladi;
- shartnoma bekor qilinganda ulushdor mablag‘i to‘liq qaytariladi.
Yangi tizimda Uy-joy yagona axborot platformasi muhim o‘rin tutishi qayd etildi. Unda barcha qurilish jarayonlari ochiq elektron tarzda yuritiladi, developerlar reytingi, ruxsatnomalar, loyiha va qurilish jarayoni, eskrou hisobvaraqlari va shartnomalar bo‘yicha ma’lumotlar birlashtiriladi.
Mutasaddilarga bosh rejalar va master-rejalarni raqamlashtirish, yagona platformani ishga tushirish, ulushli qurilishda fuqarolar huquqlarini kafolatlash, eskrou mexanizmlarini joriy etish hamda renovatsiya bo‘yicha aniq va adolatli tartiblarni shakllantirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
O‘zbekistonda eskrou tizimi
Joriy yilning fevral oyida mutaxassislar O‘zbekistonda eskrou tizimi 2026-yil 1-iyuldan ishga tushirilishi mumkinligini bildirgandi. Ularning fikricha, eskrou-hisoblarni joriy etishga birinchi navbatda mahalliy banklar tayyor emas. Me’yoriy baza ishlab chiqilayotgani sababli tizim ishga tushirilishi joriy yil o‘rtalarigacha kechiktirildi.
Mart oyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Urbanizatsiya milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev ulushli qurilishda eskrou tizimini joriy etish qonunchilikdagi bo‘shliqlar sabab kechikayotganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, tizim bo‘yicha qonun loyihasi deyarli tayyor bo‘lib, uni 1-iyulgacha qabul qilish rejalashtirilgan.
Qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov eskrou tizimi quruvchilarning aholidan mablag‘ jalb qilish jarayonini tartibga solishi, moliyaviy xavflarni kamaytirishi va “piramida” sxemalarining oldini olishini ta’kidladi. Hozircha tizim ayrim xususiy banklar tomonidan ixtiyoriy qo‘llanmoqda.
May oyida Iqtisodiyot va moliya vazirligi bo‘limi boshlig‘i Javohirbek Amonov eskrou tizimini joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini ma’lum qilgan edi. Uning ta’kidlashicha, tizim bosqichma-bosqich joriy etiladi va bunda nafaqat uy xaridorlari, balki quruvchi kompaniyalar manfaatlari ham inobatga olinadi.
Hozirda bu borada Adliya vazirligi, Markaziy bank va boshqa idoralar ishtirokida ishchi guruh faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, kelgusida qurilish jarayonidagi uy-joylarni ham eskrou tizimi orqali xarid qilish imkoniyati yaratilishi rejalashtirilmoqda.
Avvalroq Spot foydalanish muddati 50 yildan oshgan uylarni qayta rejalashtirish taqiqlanishi haqida yozgan edi.