O‘zbekistonda ulushli qurilishda eskrou tizimini joriy etishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu haqda 12-may kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda Ipoteka va uy-joy dasturlarini moliyalashtirish va hisobini yuritish bo‘limi boshlig‘i Javohirbek Amonov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
U hozirda ikki xil eskrou tushunchasi mavjudligini, shundan birinchisi 1-apreldan joriy etilgan uy-joy oldi-sotdisida hisob-kitoblarning eskrou hisobvaraqlari orqali amalga oshirilishi bo‘lsa, ikkinchisi uy-joy qurilishida qo‘llaniladigan esrou hisobvaraqlari ekanligini ta’kidladi.
“Uy-joy ipotekasiga qaratilgan eskrou tizimining loyihasi qadamma-qadam ishlab chiqilib, uni joriy qilish muddatlari ko‘rib chiqilmoqda. Biz bunga sal ehtiyotkorlik bilan yondashishimiz kerak. Tizimni joriy qilganimizdan keyin nafaqat fuqarolar, balki quruvchi tadbirkorlar huquqlarini ham himoya qilishimiz zarur. Chunki ular ham bizning fuqarolarimiz. Biz hozir eskrou tizimini joriy qilib, qurilishni to‘xtatadigan bo‘lsak, ko‘p tashkilotlar bankrotlikka uchraydi”, — dedi Javohirbek Amonov.
Vazirlik bo‘limi boshlig‘i 2025-yilning noyabr oyida tashkil etilgan Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasining asosiy maqsadlaridan biri eskrou tizimini joriy etish ekanini qayd etdi. Hozirda bu bo‘yicha Adliya vazirligi, Markaziy bank boshchiligida qo‘mita, shuningdek, Iqtisodiyot va Moliya vazirligining ishchi guruhi tashkil etilib, ishlar olib borilmoqda.
Bundan tashqari, Amonov qurilish jarayonidagi uy-joylarni ham eskrou tizimi orqali xarid qilish imkoniyati yaratilishini bildirdi. “Unga subsidiya taqdim etish masalasi esa vaqti kelganda ko‘rib chiqiladi”, — deya xulosa qildi u.
Joriy yilning fevral oyida mutaxassislar O‘zbekistonda eskrou tizimi 2026-yil 1-iyuldan ishga tushirilishi mumkinligini bildirgandi. Ularning fikricha, eskrou-hisoblarni joriy etishga birinchi navbatda mahalliy banklar tayyor emas. Me’yoriy baza ishlab chiqilayotgani sababli tizim ishga tushirilishi joriy yil o‘rtalarigacha kechiktirildi.
Mart oyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Urbanizatsiya milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev ulushli qurilishda eskrou tizimini joriy etish qonunchilikdagi bo‘shliqlar sabab kechikayotganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, tizim bo‘yicha qonun loyihasi deyarli tayyor bo‘lib, uni 1-iyulgacha qabul qilish rejalashtirilgan.
Qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov eskrou tizimi quruvchilarning aholidan mablag‘ jalb qilish jarayonini tartibga solishi, moliyaviy xavflarni kamaytirishi va “piramida” sxemalarining oldini olishini ta’kidladi. Hozircha tizim ayrim xususiy banklar tomonidan ixtiyoriy qo‘llanmoqda.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda ipoteka omonatini joriy etish rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edi.