Avvalroq qurilish sohasini rivojlantirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan 2025-yilning 1-iyulidan 31-dekabrgacha qurilishga ulushdorlarning mablag‘larini jalb qilish “eskrou” hisobvaraqlari hamda ulushli ishtirok etish tartibi orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri jalb qilish mexanizmi bo‘yicha parallel ravishda taraflarning tanloviga ko‘ra amalga oshiriladi.
2026-yildan boshlab esa ulushli qurilish faqat “eskrou” hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi.
Markaziy bank Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda ulushli qurilishni loyihaviy moliyalashtiradigan va “eskrou"-hisobi bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshiradigan banklarning ro‘yxati, ularning huquq va majburiyatlari bo‘yicha mezonlar, “eskrou” hisobvarag‘ini yuritish hamda obyektlarni loyihaviy moliyalashtirish tartibini tasdiqlashi kerak.
Shuningdek, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Markaziy bank bilan bir oy ichida obyektlarni loyihaviy moliyalashtirish, ulushli shartnomalarni tuzish hamda “eskrou” hisobvarag‘i yuritish bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish yuzasidan banklarning mas’ul xodimlari xorijda amaliyot o‘tashini hamda xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda ularning malakasini oshirishni tashkil etishi belgilandi.
Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov boshchiligida “eskrou"-hisobini yuritish va loyihaviy qurilish tartibini joriy etish bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil etiladi. Markaziy bank raisi Timur Ishmetov hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov komissiya rahbarining o‘rinbosarlari etib belgilandi.
Yanvar oyida davlat rahbari raisligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgandi. Unda “Yangi O‘zbekiston” massivlari “eskrou"-hisobi orqali qurilishi ma’lum qilingandi.