Toshkent shahar IIBB Imarat Development faoliyati yuzasidan fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish natijasida kompaniya rahbariyatiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Bu haqda boshqarma matbuot xizmati ma’lum qildi.
Sergeli tumanidagi Buyuk avlod shoh ko‘chasida ofisi joylashgan kompaniya faoliyati yuzasidan bir necha fuqaro tomonidan ishonchsizlik bildirilib, jamiyat rahbariyatiga nisbatan qonuniy chora ko‘rish so‘ralgan. Natijada murojaatlar yuzasidan tekshiruv o‘tkazildi.
Kompaniya tomonidan qurilishi rejalashtirilgan ko‘p qavatli turar joy binolari Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumani hududida joylashgan. Ushbu turar joylar viloyat hududida qurilayotgani sababli ayrim fuqarolar norozilik bildirgan. Ular xonadonlar uchun to‘lagan pullarini qaytarishni so‘rab, MCHJ rahbariyatiga murojaat qilishgan, biroq to‘lovlar qaytarilmagan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik), 19211-moddasi (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari Toshkent shahar IIBB boshlig‘i hamda prokuratura tomonidan nazoratga olingan. Tergov natijalariga ko‘ra, qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.