Toshkent metropoliteniga 20-noyabrgacha to‘rtta metro yo‘nalishida tig‘iz vaqtlarda poyezdlar tarkibini 5 vagondan shakllantirish hamda harakatlanish oralig‘ini 2−3 daqiqagacha qisqartirish topshirildi. Bu xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 30-oktabrdagi qarori bilan belgilangan.

Unga ko‘ra, Chilonzor, O‘zbekiston, Yunusobod va O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz yilligi yer usti halqa yo‘lida poyezdlar harakatini tig‘iz vaqtlarda — ertalab soat 07:30 dan 09:30 gacha, kunduzgi 12:00 dan 14:00 gacha hamda kechki 17:00 dan 19:30 gacha tartibga solish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, qarorda joriy yil 1-dekabrga qadar yo‘lovchilar oqimi yuqori bo‘lgan metro bekatlarida, jumladan, yo‘nalishlarni almashtirish tugunlari va eskalatorlar oldida yo‘lovchilar oqimini tartibga solish hamda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish topshirilgan.

Biroq ijtimoiy tarmoqlarda 5 vagonli poyezdlar 20-noyabrdan boshlab yo‘lovchi tashishga jalb etilishi haqida tarqalgan xabarlarni Toshkent metropoliteni rad etdi. Kompaniya mazkur sanagacha 5 vagonli tarkiblarni yo‘nalishlarga chiqarish rejalashtirilmaganini bildirdi.

Poytaxt metropoliteniga ko‘ra, ayni paytda yo‘lovchilar oqimi yuqoriligini hisobga olib, qo‘shimcha zaxira poyezdlarini jalb etish orqali harakatlanish intervallarini o‘rtacha 2−3 daqiqagacha qisqartirish choralari ko‘rilmoqda.

Besh vagonli tarkiblarni joriy etish bo‘yicha Toshkent metropoliteni, Transport vazirligi va Toshkent shahar Kengashi bilan kelishilgan holda tashkiliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, qo‘shimcha vagonlarni xarid qilish bo‘yicha konsepsiya ishlab chiqilgan.

Kompaniya vagonlarni ishlab chiqarish, xarid qilish va Toshkentga yetkazib berish muddatlari hamda boshqa tashkiliy masalalarni hisobga olgan holda, 2027-yil sentabrgacha mavjud harakat tarkiblarining 80% ini — jami 54 ta poyezdni 5 vagonli shaklga o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Metropoliten jamoatchilikni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarni ulashishda rasmiy manbalardagi ma’lumotlarga tayanishga chaqirdi.

Avvalroq Spot Toshkent aholisining 85,4% i tig‘iz vaqtlarda jamoat transportida tiqilinchga duch kelayotgani haqida yozgan edi.