Toshkentda avtobuslar uchun ajratilgan yo‘laklarda qoidabuzarliklarni nazorat qilish kuchaytiriladi. Bu xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 30-oktabrdagi qarori bilan belgilangan.

2026-yil 1-noyabrdan boshlab poytaxtning jamoat transporti uchun ajratilgan “A” tasmali yo‘laklarida yengil va shaxsiy avtotransport vositalarning noqonuniy harakatlanishi hamda to‘xtab turishiga chek qo‘yish bo‘yicha doimiy nazorat tadbirlari kuchaytiriladi.

Shuningdek, 15-dekabrga qadar avtobuslarning old qismiga harakat vaqtida qoidabuzarliklarni avtomatik qayd etuvchi mobil videokameralar o‘rnatiladi. Ular YHXBning yagona bazasi bilan integratsiya qilinishi kerak.

Ushbu choralar uchun Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, Toshkent shahar Transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi hamda Toshshahartransxizmat mas’ul etib belgilangan.

“A” tasmali yo‘l

2022-yilning dekabridan Toshkentda alohida avtobus yo‘lakchalari tashkil etila boshlandi. Mazkur yo‘lakchalarda avtobuslardan tashqari faqatgina tez yordam, yong‘in xavfsizligi va IIV avtomobillari harakatlanishi mumkin.

2023-yil oxiriga kelib esa, avtobus tasmalarida harakatlangan avtomobillarni maxsus kameralar orqali qayd etish yo‘lga qo‘yildi. Bunda tasmalarga sababsiz o‘tib to‘xtagan, harakatlangan, avtobuslarning harakatiga xalaqit bergan, qoldirib ketilgan avtomobillar aniqlanib, jarimalarga tortildi.

Masalan, videokameralar bir kunda avtobus yo‘laklarida to‘xtab turgan 175 ta avtomobilni aniqladi. Buning uchun haydovchilar 680 ming so‘m miqdorida jarimaga tortildi.

2025-yilning aprel oyida qabul qilingan qonun bilan avtobus yo‘laklari va trotuarlarda harakatlanganlik uchun jarimalar miqdori tasdiqlandi. Birinchi huquqbuzarlik uchun 412 ming so‘m, takror sodir etilganda esa 1,236 mln so‘m miqdorida jarima undiriladi.

Joriy yilning iyun oyida avtobus yo‘laklariga deliniatorlar o‘rnatila boshlandi. Yil yakunigacha poytaxtning 30 dan ortiq ko‘chasida A tasmali yo‘laklar tashkil etilib, ularda deliniatorlar va boshqa samarali elementlar qo‘llanadi.

Avvalroq Spot Toshkent aholisining 85,4% i tig‘iz vaqtlarda jamoat transportida tiqilinchga duch kelayotgani haqida yozgan edi.