Toshkentda avtobus tasmalarida harakatlangan avtomobillarni maxsus kameralar qayd etishni boshladi. Bu haqda IIV Jamoat xavfsizligi departamentining YHX xizmati ma’lum qildi.

Yo‘nalishli transport vositalarining harakatiga mo‘ljallangan (“A” harfi chizilgan) tasmalarga sababsiz o‘tib to‘xtagan, harakatlangan, avtobuslarning harakatiga xalaqit bergan, qoldirib ketilgan transport vositalari maxsus kameralar yordamida qayd etilmoqda.

Qayd etilishicha, qoidani buzganlarga nisbatan belgilangan tartibda jarima qo‘llanilmoqda.

“Yo‘l harakati qoidalari"ning 132-bandiga ko‘ra, haydovshilar ikkita holatda mazkur tasma orqali harakatni amalga oshirishi mumkin.

Jumladan o‘ng tomonga burilmoqchi bo‘lganda hamda yo‘lovchini chiqarish va tushurish bilan bog‘liq holatda yo‘nalishli transport vositalarining harakatiga halaqit bermasdan uzuq-uzuq chiziqlar bor joydan alohida tasmaga o‘tib, o‘ngga qayrilib ketishi mumkin.

Shuningdek, yo‘lovchini chiqarib hamda tushurib bo‘lgandan keyin alohida tasmani bo‘shatishlari kerak bo‘ladi.

2022-yilning dekabrida Toshkentda alohida avtobus yo‘lakchalari tashkil etilishi ma’lum qilingandi. Mazkur yo‘lakchalarda avtobuslardan tashqari faqatgina tez yordam, yong‘in xavfsizligi va IIV avtomobillari harakatlanishi mumkin.