Quvaytning Al-Ahleia Switchgear Co. kompaniyasi elektr muhandisligi bo‘yicha 35 yoshgacha bo‘lgan o‘zbekistonlik erkaklarni ishga taklif qilmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Nomzodlar uchun jami 10 ta vakansiya mavjud. Taklif etilayotgan lavozim — Testing & Commissioning Engineer (sinov va ishga tushirish bo‘yicha muhandis). Ish faoliyati elektr energetikasi va elektr podstansiyalari yo‘nalishida bo‘ladi.

Ish vaqti haftasiga 48 soatni, oyiga esa kamida 208 soatni tashkil etadi. Mehnat shartnomasi muddatsiz tuziladi. Oylik maosh $1150 dan $2400 gacha etib belgilangan.

Nomzodlar 35 yoshgacha bo‘lgan erkaklar bo‘lishi, elektr muhandisligi bo‘yicha oliy ma’lumotga, elektr podstansiyalarida sinov va ishga tushirish ishlarini bajarish bo‘yicha kamida 8 yillik tajribaga ega bo‘lishi kerak.

Shuningdek, elektr uskunalari va himoya relelarini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega, ingliz tilini erkin biladigan hamda jismonan sog‘lom bo‘lishi talab etiladi.

Ish beruvchi nomzodlarning ish ruxsatnomasi va viza xarajatlarini qoplaydi hamda Quvaytga borish aviachiptasi va kamida ikki yil ishlagandan so‘ng vatanga qaytish chiptasi ta’minlanadi.

Aeroportdan turar joygacha va ish joyiga borish uchun transport, tibbiy hamda baxtsiz hodisalardan sug‘urta, maxsus ish kiyimi va himoya vositalari ish beruvchi hisobidan taqdim etiladi.

Bundan tashqari, turar joy va ovqatlanish xarajatlari esa nomzodning o‘zi tomonidan qoplanadi.

Nomzodlarni tanlash onlayn suhbat asosida amalga oshiriladi. Arizalar 2-noyabrgacha havola orqali qabul qilinadi.


Avvalroq Spot o‘zbekistonlik shifokor va hamshiralar Yevropaga ishga taklif qilinayotgani haqida yozgandi.