Shavkat Mirziyoyev Anqarada bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida turkiy mamlakatlar o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Bu haqda Pressuzb Telegram kanalidagi videoda ma’lum qilindi.
Prezidentning ta’kidlashicha, 2025-yilda tashkilotga a’zo davlatlarga 100 mln nafardan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. U turkiy xalqlarning tarixiy shaharlari, tabiati, madaniyati va mehmondo‘stlik an’analarini dunyoga birgalikda tanitish uchun Turkiy turizm alyansini tashkil etish vaqti kelganini bildirdi.
Shuningdek, Mirziyoyev fuqarolarning o‘zaro safarlarini yengillashtirishga qaratilgan ko‘p tomonlama bitim ishlab chiqishni taklif qildi.
“Aholimizning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilish uchun fuqarolarning o‘zaro safarlari to‘g‘risidagi ko‘p tomonlama bitim ishlab chiqishni taklif etamiz. Unda ID-kartalar asosida safar qilish imkoniyatlarini kengaytirish, chegaradan o‘tish va mezbon davlat hududida bo‘lish tartibini soddalashtirish masalalarini aks ettirishimiz lozim”, — dedi prezident.
Oktabr oyida Shavkat Mirziyoyev Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin bilan uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi savdo va yuk tashish hajmi ortib borayotganini ta’kidlab, chegaradan ID-kartalar orqali o‘tishga ruxsat berishni tezlashtirish zarurligini bildirgan edi.
Avvalroq Spot ayrim davlat xizmatlarida ID-karta kabi shaxsiy hujjatlarning elektron shakli qabul qilinishi haqida yozgan edi.