Adliya vazirligi hujjatlarning qog‘oz shakli o‘rniga elektron shaklini taqdim etishga oid hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Ular 2026-yil 20-oktabrda 3958 va 3959-sonlar bilan ro‘yxatga olingan.

Mazkur hujjatlar bilan 33 ta idoraviy hujjatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu fuqarolarga hujjatlarning elektron shaklini taqdim etish va tegishli tashkilotlarning ularni qabul qilish imkoniyatini yaratadi.

O‘zgarishlarga ko‘ra, fuqarolar biometrik pasport, ID-karta, tug‘ilganlik va nikoh, talabalik, urush qatnashchisi va pensiya guvohnomalari, shuningdek, nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma kabilarning qog‘oz nusxasi o‘rniga Yagona portal (my.gov.uz) va Ijtimoiy karta ilovalaridagi elektron shaklidan foydalanishi mumkin.

Raqamli hujjatlar quyidagi holatlarda qabul qilinadi:

  • banklarda — bank xizmatlaridan foydalanishda va ayrim moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishda shaxsni tasdiqlashda;
  • notarial idoralarda — tegishli notarial harakatlarni amalga oshirishda;
  • aeroportlarda — O‘zbekiston ichidagi aviareyslarga ro‘yxatdan o‘tishda;
  • urush qatnashchilariga kompensatsiya berishda;
  • telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatishda — abonent bilan xizmat shartnomasini tuzishda;
  • qon va uning tarkibiy qismlarini topshirishda — donorning shaxsini tasdiqlashda;
  • lombardlar bilan shartnoma tuzishda;
  • tibbiy-ijtimoiy muassasalarda pullik xizmatlar ko‘rsatishda;
  • fuqarolarni harbiy ro‘yxatga olishda va boshqa bir qator xizmatlarni ko‘rsatishda.

2025-yil 1-iyuldan MyGov ilovasida ayrim hujjatlarning elektron shakllari joriy etildi. Ularni banklar, notarial idoralar, ichki avia hamda temir yo‘l qatnovlarida, shuningdek, davlat va korporativ xizmatlardan foydalanishda qog‘oz shaklining o‘rniga taqdim etish mumkin.

Sentabrda Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan taqdimotda fuqarolardan 30 turdagi hujjatlarni so‘rash bekor etilishi ma’lum qilindi.

Prezidentning tegishli farmoni bilan 2025-yilning 1-noyabridan Yagona portalda jismoniy shaxslarning belgilangan shaxsga doir maʼlumotlari ularning shaxsiy kabineti orqali real vaqt rejimida taqdim etilishi belgilandi.

Bu maʼlumotlar ularning qog‘oz shakliga tenglashtiriladi hamda MyGov mobil ilovasi orqali ko‘rsatilganda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ularning qog‘oz shaklini talab qilish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, 2026-yildan davlat xizmatlarini ko‘rsatishda fuqarolar va tadbirkorlardan 30 turdagi hujjatlarni talab etish bekor qilinishi belgilangan.

Avvalroq Spot Yagona portalda virtual to‘lov kartalarini ochish imkoniyati yaratilishi haqida yozgan edi.