Avvalroq Spot prezidentning 15-iyuldagi qarori bilan aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini yaxshilash hamda qo‘shimcha qulayliklar yaratish choralari belgilangani haqida yozgan edi.

Hujjat bilan, 2026-yil 1-sentabrgacha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida fuqarolar uchun taklif etilayotgan banklarning virtual to‘lov kartasini tanlov asosida ochish va o‘zining bank plastik kartasini biriktirish imkoniyati joriy etiladi.

Buning natijasida fuqarolar davlat xizmatlari uchun to‘lovlarni portal orqali amalga oshirishi, ortiqcha yoki noto‘g‘ri to‘langan mablag‘larni, shuningdek xizmat ko‘rsatish kechiktirilgan yoki asossiz rad etilgan holatlardagi to‘lovlarni avtomatik ravishda o‘z kartasiga qaytarib olishi mumkin bo‘ladi.

Virtual kartani ochish, uni to‘ldirish va undagi mablag‘larni o‘z plastik kartasiga o‘tkazish uchun fuqarolardan komissiya undirilmaydi.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank va tijorat banklari hamkorligida ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, Adliya vazirligi, Bolalar ombudsmani va Ijtimoiy himoya milliy agentligiga voyaga yetmagan shaxslarning o‘z huquqlarini mustaqil himoya qilishiga oid da’volar bo‘yicha davlat bojini to‘lashdan ozod etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi. Qonun loyihasi ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi belgilangan.

Avvalroq Spot fuqarolarning o‘z bank kartalari o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari uchun komissiya undirilmasligi haqida yozgan edi.