Avvalroq prezident ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish hamda tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan muammoli masalalarni hal etish yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Raqamlashtirish va naqd pulsiz to‘lovlar yo‘nalishida aholi va biznes uchun qulaylikni oshirishga qaratilgan takliflar bildirildi.

Xususan, ayrim tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni naqd pulsiz shaklda amalga oshirish amaliyoti kengayib borayotgani bois, bank infratuzilmasi, komissiyalar va isteʼmolchilarga qaytariladigan keshbek tizimini takomillashtirish zarurligi qayd etildi.

Jismoniy shaxslarning o‘z bank kartalari o‘rtasidagi pul o‘tkazmalarini komissiyasiz amalga oshirish, naqdsiz to‘lovlarni aholi uchun qulay bo‘lgan shakllarini ko‘paytirish, umumiy ovqatlanish, alkogol, tamaki va yoqilg‘i sotish sohalarida xarid cheki bo‘yicha hisoblangan keshbekni tezkor qaytarish imkoniyatini yaratish taklif etildi.

Shu bilan birga, bank kartalari orqali amalga oshiriladigan operatsiyalarda xavfsizlikni taʼminlash maqsadida joriy etilgan antifrod SMS-xabarnomalar bo‘yicha xarajatlarni qayta ko‘rib chiqish, mobil ilovalardagi xabarnomalar yoki biometrik identifikatsiya kabi muqobil yechimlardan foydalanish taklif qilindi.

Soliq maʼmurchiligi va moliyaviy jarimalar bo‘yicha soliq imtiyozlarini qo‘llashda yuzaga kelayotgan nizolarni bartaraf etish, shuningdek penya miqdori asosiy qarzdan oshib ketmasligini belgilash taklif etildi.

Chek bermaslik bo‘yicha xabar yuborish tizimini suiisteʼmol qilishning oldini olish va QQS guvohnomasini to‘xtatish tartibini takomillashtirish rejalashtirilmoqda.

Tashqi iqtisodiy faoliyatni soddalashtirish maqsadida import jarayonida bir-birini takrorlovchi hujjatlarni qisqartirish taklif etildi.

Tadbirkorlarga xorijda savdo uylari, filial va vakolatxonalar ochish uchun qulay shart-sharoit yaratish hamda O‘zekspomarkaz imkoniyatlaridan foydalanib milliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarda keng targ‘ib qilish rejalashtirilmoqda.

Davlat rahbari tadbirkorlik uchun ortiqcha to‘siqlarni kamaytirish, nazorat va tartibga solish mexanizmlarini soddalashtirish, raqamlashtirish jarayonlarini biznesga qo‘shimcha yuk emas, qulaylik yaratadigan vositaga aylantirish zarurligini taʼkidladi.

Mutasaddilarga mavjud sanoat quvvatlarini to‘liq ishga solish, korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda tadbirkorlar uchun qulay sharoitlarni kengaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

Aprel oyida O‘zLiDeP bank kartalari bo‘yicha SMS-xabarlarga muqobil tizimlarni joriy etishni taklif qilgandi.

Spot, avvalroq, P2P-o‘tkazmalarini tartibga solish bo‘yicha Markaziy bank fikri haqida yozgandi.