Las-Vegasda joylashgan Realbotix startapi Echo seriyasidagi to‘rtta stol ustiga qo‘yiladigan inson qiyofasidagi robot — Aria, Mila, Dave va Amar modellariga oldindan buyurtma qabul qilishni boshladi.
Ularni xaridorlar uchun qulayroq narxda taklif qilish maqsadida ishlab chiqaruvchi robotlarning faqat tananing yuqori qismiga e’tibor qaratishga qaror qilgan.
Shu sababli modellar qo‘llari va tananing pastki qismisiz ishlab chiqariladi, biroq ularning soch turmaklari batafsil ishlangan.
Stol ustiga qo‘yiladigan konfiguratsiya $11 950 turadi. Kompaniya prognoziga ko‘ra, oyoqlari bilan to‘liq jihozlangan robotning narxi $59 950 ni tashkil etadi.
To‘rtta modelning har biri alohida shaxsiyatga ega. Aria “optimistik, qiziquvchan va ilhomlantiruvchi”, Mila “his-tuyg‘ularini ifodalay oladigan, hamdard va g‘amxo‘r”, Dave “tahliliy fikrlaydigan, zukko va aniq”, Amar esa “o‘ziga ishongan, himoyachi va ishonchli” sifatida ta’riflanadi.




Odamsimon robotlarning boshi va yuzi harakatlana oladi. Echo modellari ichida ChatGPT, Claude va Gemini sun’iy intellekt tizimlari uyg‘unlashtirilgan, biroq kompaniya dasturiy ta’minotning aniq tuzilishini oshkor qilmagan.
Robotni xarid qilishning asosiy sharti — u bilan muloqot qilish uchun har oy obuna to‘lovini amalga oshirish. $19,99 lik Basic tarif rejasi oyiga taxminan 10 soat suhbatlashish imkonini beradi. $39,99 lik Plus tarifi esa 40 soatlik muloqot, yanada “ifodali” ovozlar, ko‘plab tillar va aksentlardan foydalanish imkoniyatini taqdim etadi.
$199 lik Enterprise tarifida oyiga 100 soat suhbatlashish, shuningdek, o‘ziga xos SI qahramonlari va ular uchun qo‘shimchalar yaratish imkoniyati mavjud. Obunasiz robot shunchaki qo‘g‘irchoq bo‘lib qoladi.
Modelga buyurtma berishni oldindan band qilish uchun $199 miqdorida avans to‘lash kerak. To‘liq o‘lchamdagi versiyani ishlab chiqarish hali yakunlanmagan, biroq Echo seriyasi 2027-yil yanvar oyida Las-Vegasda bo‘lib o‘tadigan CES 2027 ko‘rgazmasida taqdim etilishi rejalashtirilgan. Yetkazib berish esa 2027-yil boshida boshlanishi kutilmoqda.
Kelgusi yilda jami 225 ta stol ustiga qo‘yiladigan model va 25 ta to‘liq o‘lchamdagi robot ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Yetkazib berish faqat AQSH hududida amalga oshiriladi va buning uchun qo‘shimcha haq olinadi. Stol ustiga qo‘yiladigan modellarni yetkazib berish esa 2027-yilning ikkinchi yarmiga mo‘ljallangan.
“Biz insonlarning o‘rnini bosmaymiz, ularga yordam beramiz. Echo — doimo yoningizda bo‘ladigan iliq hamroh. Robotlarimiz kiborglar kabi emas, balki insonlardek ko‘rinadi, ovoz chiqaradi va muloqot qiladi”, — deyiladi ta’kidlanadi kompaniya saytida.
Aytgancha, loyiha ommaviy axborot vositalari tomonidan “yolg‘izlikning global epidemiyasi” deb atalgan zamonaviy insoniyatning dolzarb muammosiga qarshi kurashishga qaratilgan.
Biroq $11 950 lik narx va oylik obuna to‘lovlari bu robotlardan foydalanish imkoniyatini hamma uchun ham mavjud qilmaydi.
Avvalroq Spot Gonkongda odamsimon robot boshqaruvidagi birinchi do‘kon ochilishi haqida yozgandi.



