Qonunchilik palatasi Fuqarolik protsessual kodeksiga, “Davlat boji to‘g‘risida"gi va “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida"gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, to‘lovga qobiliyatsizlik ishlari doirasida sud boshqaruvchisi o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmasa, unga to‘lanadigan haq miqdori kamaytirilishi mumkin.
Shuningdek, ayrim sud hujjatlari ustidan shikoyat qilish imkoniyatlari kengaytiriladi, sudgacha sanatsiya qilish hamda sud boshqaruvchilarini vazifasidan ozod etish tartiblari belgilanadi.
Bundan tashqari, loyihada fuqarolik holati hujjatlari yozuvlaridagi noto‘g‘riliklarni sud tartibida aniqlash bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqishning aniq protsessual tartibi belgilangan.
Davlat bojiga oid ayrim normalar ham o‘zaro muvofiqlashtiriladi.
Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqiladi.
Avvalroq ulushli qurilishda eskrou tizimini joriy etish bo‘yicha qonun Senatga yuborilgani haqida xabar berilgandi.