Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar bermoqda.
Hujjat ulushli qurilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, quruvchilar, ulushdorlar va davlat organlarining huquq hamda majburiyatlarini belgilashga qaratilgan.
Qonun loyihasiga ko‘ra, fuqarolarning qurilishga kiritgan mablag‘lari quruvchining bevosita ixtiyorida emas, balki banklarda ochiladigan eskrou hisobvaraqlarida saqlanadi. Qurilish belgilangan talablarga muvofiq yakunlanib, obyekt foydalanishga topshirilgach, mablag‘lar quruvchiga o‘tkaziladi.
Prezidentning 2025-yil 27-yanvardagi farmoniga muvofiq, eskrou tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. 2025-yil 1-iyuldan boshlab ulushdorlar mablag‘larini eskrou hisobvaraqlari orqali jalb qilish taraflarning tanloviga ko‘ra ixtiyoriy asosda amalga oshirilmoqda. 2026-yil 1-yanvardan esa mablag‘larni faqat eskrou hisobvaraqlari orqali jalb qilish belgilangan.
Loyihada quruvchilar aholi mablag‘larini faqat qonunda belgilangan talablarga javob bergan, Yagona axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tgan, vakolatli bank bilan bosh bitim tuzgan va loyiha deklaratsiyasini e’lon qilgan taqdirdagina jalb qilishi mumkinligi nazarda tutilgan.
Shuningdek, ulushli ishtirok etish shartnomasi notarial tasdiqlanib, davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Bu bir obyektning bir necha kishiga sotilishi va noqonuniy shartnomalar tuzilishining oldini olishga qaratilgan. Quruvchi qonun talablarini buzgan holda fuqarolardan mablag‘ jalb qilsa, ulushdor ularni qaytarish va mablag‘dan foydalanilganlik uchun foiz to‘lanishini talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Qurilish loyihalarini o‘z vaqtida yakunlash uchun ham mexanizmlar ishlab chiqilmoqda. Jumladan, zarur hollarda vakolatli bank yoki quruvchini almashtirish, qurilishni uzluksiz moliyalashtirish imkoniyatlari nazarda tutilgan. Ulushli qurilish loyihalari haqidagi ma’lumotlar Yagona axborot tizimida joylashtirilib, fuqarolar quruvchi, obyekt va loyiha ijrosi bilan tanishishi mumkin bo‘ladi.
Qanday o‘zgartirishlar kiritildi?
Majlisda mas’ul qo‘mita — Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi tomonidan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Bunda deputatlar qurilayotgan ko‘p kvartirali uylarni joyiga chiqib o‘rgandi, ulushdorlar va quruvchilar bilan muloqot qildi. Shuningdek, saylovchilar, OAV, bank-moliya tizimi vakillari va boshqa manfaatdor tomonlarning fikr-mulohazalari o‘rganildi. Ilg‘or xorijiy tajriba ham tahlil qilindi.
Muhokamalar natijasida loyihaga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, ulushli ishtirok etish shartnomasiga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni ham notarial tasdiqlash talabi belgilandi. Bu ulushdor bilan norasmiy “qo‘shimcha kelishuv” tuzib, shartnoma shartlarini o‘zgartirish holatlarining oldini oladi.
Shuningdek, uyni topshirish muddati buzilganda obyektni muammoli deb topish uchun yana olti oy kutish talabi chiqarib tashlandi. Quruvchining kamchiliklarni bartaraf etmasdan, faqat tovon to‘lash orqali muammoli obyektlar reyestridan chiqib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Tadbirkorlardan qonunda nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilishning oldini olish maqsadida noaniq “qo‘shimcha ma’lumotlar” haqidagi normalar chiqarib tashlandi. Shuningdek, 10 dan ortiq havolaki norma bo‘yicha qonunosti hujjatlarini ishlab chiqish muddatlari belgilandi.
Qonun kuchga kirganidan keyin qurilishiga ruxsatnoma olingan obyektlarga nisbatan tatbiq etilishi ko‘zda tutilgan. Bu amaldagi qurilishlarning to‘xtab qolishi xavfini kamaytirishga qaratilgan. Loyihaga boshqa yuridik va tahririy o‘zgartirishlar ham kiritilib, takrorlanuvchi va mazmunan o‘xshash moddalar birlashtirildi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolarning uy-joy qurilishiga kiritgan mablag‘larini huquqiy va moliyaviy mexanizmlar orqali himoya qilish, ulushli qurilishda shaffoflikni oshirish hamda mablag‘larni qonunda belgilanmagan usullarda jalb qilishning oldini olishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Joriy yilning iyul oyida deputatlar eskrou bo‘yicha loyihani birinchi o‘qishda ma’qulladi. Muhokama davomida deputatlar Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan ayrim normalarni aniqlashtirish va ikkinchi o‘qishgacha qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladi.
Avvalroq Spot Imarat Development asoschisi Marat Xamdamov jinoyat ishi doirasida ushlangani haqida yozgan edi.