Imarat Development qurilish loyihasi egasi, tadbirkor Marat Xamdamov Toshkent shahar IIBB tomonidan tergov qilinayotgan jinoyat ishi doirasida qo‘lga olindi. Bu haqda poytaxt IIBB Gazetaʼga ma’lum qildi.

Idora ma’lumotlariga ko‘ra, tergov doirasida ikki kishi — M.X. va J.A. Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi tartibida ushlangan. Marat Xamdamov jinoyat ishiga gumonlanuvchi tariqasida jalb etilgan.

JPKning 227-moddasi surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorning qaroriga ko‘ra ushlab turishni nazarda tutadi. Ushlangan shaxs zudlik bilan eng yaqin ichki ishlar organi yoki boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoraga olib borilishi shart.

Xabarda bosh harflari J.A. sifatida ko‘rsatilgan ikkinchi shaxsning shaxsi ochiqlanmagan. Shuningdek, hozircha ushlanganlarga ayblov e’lon qilingani yoki kelgusida qanday ehtiyot chorasi tanlanishiga aniqlik kiritilmagan.

Imarat Development rahbariyatiga nisbatan jinoyat ishi

1-oktabr kuni Toshkent shahar IIBB Imarat Development faoliyati yuzasidan fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish natijasida kompaniya rahbariyatiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Bu haqda boshqarma matbuot xizmati ma’lum qildi.

Sergeli tumanidagi Buyuk avlod shoh ko‘chasida ofisi joylashgan kompaniya faoliyati yuzasidan bir necha fuqaro tomonidan ishonchsizlik bildirilib, jamiyat rahbariyatiga nisbatan qonuniy chora ko‘rish so‘ralgan. Natijada murojaatlar yuzasidan tekshiruv o‘tkazildi.

Kompaniya tomonidan qurilishi rejalashtirilgan ko‘p qavatli turar joy binolari Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumani hududida joylashgan. Ushbu turar joylar viloyat hududida qurilayotgani sababli ayrim fuqarolar norozilik bildirgan. Ular xonadonlar uchun to‘lagan pullarini qaytarishni so‘rab, MCHJ rahbariyatiga murojaat qilishgan, biroq to‘lovlar qaytarilmagan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik), 19211-moddasi (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov harakatlari Toshkent shahar IIBB boshlig‘i hamda prokuratura tomonidan nazoratga olingan. Tergov natijalariga ko‘ra, qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.

Nimalar ma’lum?

Bundan bir kun oldin Kun.uz nashri e’lon qilgan surishtiruvda Imarat Development bilan bog‘liq qurilish loyihalarida uylar o‘z vaqtida topshirilmagani va xaridorlarning pullari qaytarilmayotgani yuzasidan noroziliklar kuchayayotgani haqida so‘z boradi.

Xaridorlarning aytishicha, 2025-yilda topshirilishi kerak bo‘lgan xonadonlar hanuz bitmagan. Ayrimlari to‘lagan pullarini qaytarishni talab qilmoqda. Bir murojaatchining ta’kidlashicha, kompaniya shartnomani bekor qilib, u uch yil davomida pul to‘lagan xonadonni boshqa xaridorga sotib yuborgan.

O‘zini kompaniya direktori deb tanishtirgan Olim Mamatov kechikishlarni ta’sischilar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar bilan izohladi. Uning aytishicha, Sergeli City loyihasidagi 16 ta blok 2027-yil yanvarigacha topshirilishi rejalashtirilgan. Mamatov, shuningdek, Marat Hamdamov yaqin kunlarda loyihalarga qaytishi mumkinligini aytdi.

Bundan oldin Marat Hamdamov kompaniya atrofidagi mojaro yuzasidan rasmiy murojaat bilan chiqib, so‘nggi bir oy davomida bir guruh shaxslar kompaniyani undan tortib olish maqsadida bosim o‘tkazganini, o‘ziga va oilasiga nisbatan tahdidlar bo‘lganini, ofisiga kirishi hamda o‘zi rahbarlik qilib kelgan qurilish loyihalariga borishi taqiqlanganini bildirdi.

“Men ularga kompaniyani hech kimga bermasligimni, ta’sischilar safidan chiqmasligimni va eng muhimi, mijozlarimiz oldidagi barcha majburiyatlarimni bajarib, uylarini oxirigacha qurib topshirishimni qat’iy ta’kidladim”, — dedi u.

Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur shaxslar kompaniyani uchinchi shaxslarga sotish va mijozlarga tegishli tayyor uylarni bankka garovga qo‘yib, kredit olishni rejalashtirgan.

Hamdamov kompaniya nomi Imtiyoz’ga o‘zgartirilishi va o‘ziga nisbatan bosimlar haqidagi navbatdagi murojaatida aytishicha, kompaniyaning bosh moliyachisi Jasur Azizov bir necha million dollarlik zarar o‘rnini bank krediti orqali qoplamoqchi bo‘lgan. Hamdamov bunga qarshi chiqqanidan so‘ng, uning roziligisiz kompaniya nomi o‘zgartirilgan.