2026-yilning to‘qqiz oyida O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi $15 mlrd dan ortiqni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bankning ichki valyuta bozori sharhida keltirilgan.

Unga ko‘ra, yanvar-sentabr oylarida mamlakatga xalqaro pul o‘tkazmalari orqali $15,2 mlrd kelib tushgan. Bu 2025-yilning mos davridagi $13,9 mlrd ga nisbatan qariyb 9% ga, 2024-yildagi $11,3 mlrd ga nisbatan esa 34,6% ga ko‘pdir.

Shu bilan birga, O‘zbekistondan chiqib ketgan mablag‘lar hajmi 2025-yilning yanvar-sentabr oylaridagi $1,93 mlrd ga nisbatan biroz oshib, $1,95 mlrd ga yetdi. 2024-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich $2,06 mlrd ni tashkil etgan edi. Natijada xalqaro pul o‘tkazmalarining ijobiy saldosi $13,2 mlrd ni tashkil qildi.

markaziy bank, pul o‘tkazmalari, valyuta bozori

Bundan tashqari, Markaziy bank jismoniy shaxslarning banklar bilan amalga oshirgan operatsiyalarining ijobiy saldosi ichki bozorda qo‘shimcha taklif manbai bo‘lib xizmat qilayotganini qayd etdi.

2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida aholi banklarga $18,9 mlrd lik xorijiy valyuta sotdi. Bu o‘tgan yilning mos davridagi $15,3 mlrd ga nisbatan 1,2 baravar ko‘pdir. Jismoniy shaxslarning valyuta sotib olish hajmi esa 27,9% ga oshib, $8,6 mlrd dan $10,9 mlrd ga yetdi.

Natijada fuqarolar tomonidan xorijiy valyuta taklifi unga bo‘lgan talab hajmidan $7,9 mlrd ga ortiq bo‘ldi.

Taqqoslash uchun, ijobiy saldo 2025-yilning shu davrida $6,7 mlrd ni, 2024-yilda esa $4,9 mlrd ni tashkil etgan edi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda xorijda ishlayotganlar soni 10 yilda ikki baravar kamaygani, pul o‘tkazmalari esa 4 karra oshgani haqida yozgan edi.