Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev mehnat migratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazayotgani haqida yozgan edi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda faqatgina Buyuk Britaniyaning o‘zida 33 ming ishchi kuchiga ehtiyoj mavjud. Shunga qaramay, O‘zbekistondan ushbu mamlakatga asosan qishloq xo‘jaligidagi mavsumiy ishlarga fuqarolar yuborilmoqda.
Tibbiyot, logistika va sanoat kabi daromadli sohalarda ish beruvchilar bilan aniq kelishuvlar yo‘qligi, shuningdek, “Yoshlar mobilligi” dasturida ishtirok etish masalasi hamon hal etilmagani ko‘rsatib o‘tildi. Bundan tashqari, Italiya bilan mehnat migratsiyasi imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha kelishuv mavjud bo‘lsa-da, bu imkoniyat amalda umuman ishga solinmayotgani tanqid qilindi.
Bugungi kunda respublikada ingliz tilini puxta o‘rganib, sertifikat olgan 200 mingga yaqin yoshlar bor ekani aytib o‘tildi. Ammo mas’ullar tomonidan ularning AQSh, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Shvetsiya va Daniya kabi davlatlarda ishlashi uchun yo‘l ochish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yetarli emasligi ta’kidlandi.
Shuningdek, joriy yilda Germaniyadan O‘zbekiston mutaxassislariga 45 mingta buyurtma kelib tushgan. Biroq nemis tilini biladigan kadrlar yetishmasligi sababli ushbu davlatga atigi 2 ming kishi ishga joylashgan.
Ushbu muammoni hal etish uchun kasbga o‘qitish va til tayyorgarligini parallel ravishda olib borish zarurligi qayd etildi. Ayni paytda quyidagi yo‘nalishlarda amaliy ishlar olib borilmoqda:
- Germaniyaning Globogate kompaniyasi bilan hamkorlikda respublikadagi 20 ta tibbiyot texnikumida yiliga 1,5 ming hamshira tayyorlanmoqda;
- Qarshidagi Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumida germaniyalik o‘qituvchilar yoshlarga nemis tili va kasb o‘rgatmoqda;
- Andijonda xususiy tadbirkor bo‘sh turgan texnikumni ta’mirlab, xorijdan o‘qituvchi jalb qilgan holda yiliga 1,5 ming mutaxassis tayyorlamoqda.
Prezident Andijon tajribasini boshqa hududlarda ham ommalashtirish, har bir viloyatdagi 2−3 ta texnikumda kasb va nemis tilini birga o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi. Eng asosiysi, xorijiy ish beruvchilarning buyurtmalari texnikumlardagi ta’lim dasturlari bilan bevosita bog‘lanishi kerakligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Germaniyaning Telk kompaniyasi hamkorligida Intil xalqaro o‘quv markazida 100 nafar nemis tili o‘qituvchisini tayyorlash boshlangan. Kelasi yil boshidan e’tiboran ushbu tayyorgarlikdan o‘tgan pedagoglar hududlardagi texnikumlarga jalb qilinadi.
Mirziyoyev TDTni tijorat ishlari bo‘yicha huquqiy yordam to‘g‘risida bitim tuzishga chaqirgani haqida xabar berilgandi.