Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev mehnat migratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazayotgani haqida yozgan edi.
O‘zbekistonda xorijdagi bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlar tizimli ravishda har bir mahallagacha yetib borishi ta’minlanadi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident har bir buyurtma doirasida qaysi davlatda qanday mutaxassisga talab borligi, qayerda o‘qish hamda qaysi tilni bilish zarurligini aniq ko‘rsatib berish vazifasini qo‘ydi.
Yangi tartibga ko‘ra, “mahalla yettiligi” chet elda ishlash istagini bildirgan fuqarolarga mavjud imkoniyatlarni batafsil tushuntiradi va tanlab olingan nomzodlarni “Onlayn mahalla” elektron platformasiga kiritadi.
O‘z navbatida, hokimlar va mas’ul tashkilotlar ushbu fuqarolarni kasb hamda tilga maqsadli tayyorlash, shundan so‘ng ularni kafolatli ishga joylashtirish uchun bevosita javob beradi.
Nomzodlarning tayyorgarligi va ish bilan ta’minlanishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatiladi. Xususan, viloyat hokimlari har oyda bir marta, tuman hokimlari esa oyiga ikki marta migratsiya masalalariga mas’ullar va “yettilik” ishtirokida bajarilgan ishlar natijadorligini tanqidiy ko‘rib chiqadi.
Xorijda yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish uchun faqatgina ish beruvchilar bilan qilingan kelishuvlarning o‘zi yetarli bo‘lmaydi.
Rivojlangan davlatlar bilan faol iqtisodiy diplomatiya olib borish orqali kvotalar ajratish, ishchi vizalar rasmiylashtirish va malakani tan olish masalalarini izchil hal qilib borish talab etiladi.
Avvalroq O‘zbekistonda xorijiy kompaniyalar talabi asosida 20 ta texnikum kadr tayyorlashga moslashtirilishi haqida xabar berilgandi.