O‘zbekistonda xorijda ishlayotgan fuqarolar soni 10 yilda ikki baravar kamaydi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligidagi mehnat migratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari jahon mehnat bozori o‘zgarayotganiga e’tibor qaratib, bugun dunyoda 168 mln kishi xorijiy migratsiyada ishlashini qayd etdi. O‘zbekistonda ham chet elda ishlash istagidagi fuqarolar bor, boshqa davlatlarda esa ishchi kuchiga ehtiyoj yuqori.

Yig‘ilishda ushbu ikki imkoniyatni o‘zaro bog‘lash soha mutasaddilari va hududlar rahbarlari oldida turgan asosiy vazifa ekani qayd etildi.

“Inson o‘z kasbini puxta egallasin, o‘z qadrini bilsin, o‘z yurtiga tayana olsin!”, — dedi prezident.

So‘nggi yillarda tartibli mehnat migratsiyasiga munosabat tubdan o‘zgardi. Ilgari bu yo‘nalishda 3 ta davlat bilan ish olib borilgan bo‘lsa, hozir ularning soni 27 taga yetdi. Hamkorlik qilayotgan yirik xorijlik ish beruvchilar qariyb 400 taga ko‘paydi.

Chet elda ishlayotgan fuqarolar soni 10 yilda ikki baravar kamaygan bo‘lsa-da, ularning oilalariga yuborayotgan mablag‘lari to‘rt karra oshdi. Prezident buni xalqaro mehnat bozorida o‘zbek mutaxassislariga munosabat o‘zgargani, odamlar chetga oddiy ishchi emas, malakali kadr sifatida borayotgani bilan izohladi.

Ayni paytda hududlar o‘rtasida farq kattaligi qayd etildi. Xorijda ishlayotgan bir kishiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik pul o‘tkazmasi Farg‘onada $1 850 bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston va Toshkent viloyatida $400, Sirdaryoda $500, Jizzax va Navoiyda $600, Surxondaryo va Xorazmda $700 ga ham yetmayapti.

Hokimlar, elchilar va texnikum rahbarlari odamlarni yuqori daromadli ishlarga tayyorlash bo‘yicha o‘z ishini qayta ko‘rib chiqishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

“Aslida, inson qayerda ishlashi, qancha maosh olishi, huquqini kim himoya qilishini bilib borishi kerak!” — dedi prezident.

Davlat rahbari xorijdagi mehnat bozorlariga chiqishda elchilar, hokimlar va texnikumlar hamjihat ishlashi zarurligini ta’kidladi. Germaniya, Turkiya, Slovakiya va Qatarda hamkorlar topib, ularni texnikumlar bilan bog‘lash va yurtdoshlarni ishga joylashtirish bo‘yicha ijobiy misollar borligi aytildi. Qolgan mamlakatlardagi elchilar bu masalada sust ekani ko‘rsatib o‘tildi.

2026-yilning birinchi yarmida xorijdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi $9,3 mlrd ni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13% yoki $1,1 mlrd ga ko‘p. O‘tkazmalar hajmining oshishiga mehnat muhojirlari ishlaydigan an’anaviy davlatlarda ishchi kuchiga talab va ish haqining nisbatan yuqori darajada saqlanib qolgani, shuningdek, so‘m kursining yil boshidan umumiy mustahkamlangani ta’sir qilgan.

Shu bilan birga, Buyuk Britaniya va YI davlatlaridan pul o‘tkazmalari sezilarli o‘sdi. Mehnat migrantlari MDHdan ko‘ra Yevropa va Sharqiy Osiyo davlatlariga ko‘proq yo‘nalmoqda. O‘tkazmalarda P2P ulushi oshmoqda.

Avvalroq Spot yarim yilda O‘zbekistonda mehnat migratsiyasidan qaytgan 557 ming fuqaro ish bilan ta‘minlangani haqida yozgan edi.