Raqobat qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida faoliyat yuritayotgan 22 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida raqobatga qarshi kelishilgan harakatlar sodir etilgani yuzasidan moliyaviy jarimalar qo‘lladi.
Qo‘mitaga kelib tushgan fuqaro murojaati asosida mazkur shoxobchalardagi narxlar o‘rganildi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, ularda 1 m³ siqilgan gaz narxi bir vaqtda amaldagi narxga nisbatan o‘rtacha 1050 so‘mgacha oshirilib sotilgani aniqlangan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobat qo‘mitasi Maxsus komissiyasi tomonidan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan ishlar qo‘zg‘atildi.
Ular “Raqobat to‘g‘risida"gi Qonunning 19-moddasi talablarini buzib, raqobatga qarshi muvofiqlashtirilgan harakatlarni sodir etganlikda gumon qilingan.
Ishlarni ko‘rib chiqish yakunida belgilangan tartibda moliyaviy jarimalar qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, Maxsus komissiya qaroridan norozi bo‘lgan 9 ta subyekt sudga murojaat qilgan. Sud tomonidan qo‘mita qarorlarining qonuniyligi yana bir bor tasdiqlangan.
Raqobat qo‘mitasi mulkchilik shaklidan qat’i nazar, ichki bozorda faoliyat yurituvchi barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatida raqobatga qarshi kelishilgan (muvofiqlashtirilgan) harakatlar yuzasidan monitoring tadbirlarini davom ettiradi.
Avvalroq Spot Raqobat qo‘mitasi dorilarni ulgurji sotishda majburiy qo‘shimcha xaridlar holatini o‘rganayotgani haqida yozgandi.