Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev mehnat migratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazayotgani haqida xabar bergan edi.
Yirik rekruting kompaniyalari O‘zbekistonda mutaxassislarni o‘zlari tayyorlab, to‘g‘ridan to‘g‘ri ishga joylashtirishi uchun sharoit yaratish zarurligi qayd etildi. Kelasi yil mamlakatda ikkita yirik xalqaro rekruting kompaniyasining faoliyatini yo‘lga qo‘yish vazifasi topshirildi.
Joriy yilda 34 ta davlatda 287 ming kishini ishga joylashtirish imkoniyati bor. Ammo bu imkoniyatlar haqida odamlar yetarlicha xabardor emasligi, Migratsiya agentligi bilan “mahalla yettiligi” o‘rtasidagi aloqa ham samarali yo‘lga qo‘yilmagani tanqid qilindi.
“Shu bois, mazkur tizimni ham o‘zgartiramiz. Migratsiyada bizga raqam emas, sifat kerak!” — dedi prezident.
Qurilish, sanoat va logistikada malakali kadrlarga talab mamlakatimizda ham, chet elda ham ortib bormoqda. Sergelidagi “Toshkent quvur zavodi” o‘z ustalarini jalb etib, yiliga 2,5 ming payvandchi, elektrik va chilangar tayyorlash tashabbusini bildirgan.
Har bir viloyatdagi 2−3 tadan texnikumni yirik tadbirkorlar boshqaruviga berish, ular orqali yiliga kamida 30 ming nafar ish joyida darhol faoliyat boshlay oladigan mutaxassis tayyorlash rejalashtirilmoqda. Texnikumlar 15 yilga boshqaruvga beriladi, bitiruvchilarga davlat namunasidagi malaka sertifikati taqdim etiladi.
Tadbirkorlarning kadr tayyorlash va uskuna xarid qilishga sarflagan mablag‘larini to‘langan soliqlardan chegirish, chet elda yaxshi ishga joylashgan har bir bitiruvchi uchun grant ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Texnikumlar xorijlik ish beruvchilar bilan bog‘lanadi.
“Men ishonaman: chempion tadbirkorlarimiz chet elda “o‘zbek mutaxassislari brendi"ni yaratishda ham davlatga ko‘makchi bo‘ladi”, — dedi prezident.
Avvalroq Spot yarim yilda O‘zbekistonda mehnat migratsiyasidan qaytgan 557 ming fuqaro ish bilan ta‘minlangani haqida yozgan edi.