Sevara Kamolova 1996-yil Qashqadaryo viloyatining Qovchin qishlog‘ida tug‘ilgan. U Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida iqtisodiyot va moliya yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr darajasini tamomlagan.

Shundan so‘ng Vengriyadagi Markaziy Yevropa universitetida (CEU) moliya bo‘yicha magistraturada, keyinchalik esa AQShning Rochester universiteti qoshidagi Simon biznes maktabida MBA dasturida tahsil olgan.

Sevara dunyoning yirik aktivlarni boshqaruvchi BlackRock kompaniyasining Budapesht va London ofislarida hamda Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC)ning Vashingtondagi bosh qarorgohida amaliy tajriba orttirgan. Hozirda u Nyu-Yorkdagi Orange Cyan Consulting kompaniyasida biznes tahlili mutaxassisi sifatida faoliyat yuritmoqda.


Moliya sohasiga qiziqishimning boshlanishi

Bolaligimdanoq raqamlarni harflardan ko‘ra qiziqarliroq va osonroq deb bilganman. Ota-onam bu qiziqishimni payqab, uni rivojlantirishim uchun doim imkoniyat yaratib berishgan. 8-sinfda o‘qib yurgan paytlarimda onamning shogirdi ishdan qaytayotib uyimizga kirar va menga matematikadan dars berib ketardi. Buni hozir ham juda iliq xotira sifatida eslayman.

Yoshligimdan karate bilan ham shug‘ullanganman. Keyinchalik bu sport menga chet elda o‘zimni xavfsiz his qilishim va qo‘rqmasdan erkin sayohat qilishim uchun katta ishonch berdi. Biroq meni moliya va iqtisodiyot sohasiga yetaklagan eng asosiy voqea 2008-yilda yuz berdi. Jahon moliyaviy inqirozining ta’siri biz yashagan hududda ham juda kuchli sezildi.

O‘sha paytlarda un, yog‘ va non har bir xonadondagi odamlar soniga qarab sotilardi. Qishning sovuq kunlarida odamlar tong saharda, soat uch-to‘rtlarda do‘kon oldida navbatga turishardi, shunda ham ko‘pchilik quruq qo‘l bilan qaytardi. Bu manzaralar meni nega bunday bo‘layotgani haqida chuqur o‘ylashga majbur qildi. O‘shanda kelajakda yurtimni bunday holatlardan asrashga hissa qo‘sha oladigan inson bo‘lishni oldimga maqsad qilib qo‘ydim.

Kollejda axborot texnologiyalari yo‘nalishida o‘qigan bo‘lsam-da, oliy ta’lim uchun yo‘nalish tanlash vaqti kelganda onamning maslahatiga quloq tutdim. Moliya sohasida tahsil olgan akam ham meni bu yo‘ldan borishimga ruhlantirdi. Shunday qilib, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetining iqtisodiyot va moliya yo‘nalishiga o‘qishga kirdim va bu mening kelajakdagi karyeram uchun poydevor bo‘ldi.


Ilk qadamlar

Vestminster menga iqtisodiyot va moliya bo‘yicha nazariy bilim berdi. Eng muhimi, u yerda tahliliy fikrlash, tadqiqot olib borish hamda murakkab iqtisodiy masalalarni tizimli tahlil qilish ko‘nikmalarini egalladim.

Universitetda hech kim talabalarni majburlamasdi, lekin bilim olishni istaganlar uchun cheksiz resurslar yaratilgan, darslar esa a’lo darajada tashkil etilardi. Qolaversa, ushbu maskandagi xalqaro muhit kelajakdagi global karyeram uchun poydevor bo‘ldi.

blackrock, orange cyan consulting, rochester universiteti, sevara kamolova, xorijdagi o‘zimiznikilar

Foto: Sevara Kamolovaning shaxsiy arxividan

O‘z yo‘nalishimni aniq topishimda CFA Research Challenge tanlovi juda katta rol o‘ynadi. Ma’lumki, CFA moliya sohasidagi eng nufuzli xalqaro sertifikatlardan biri bo‘lib, u magistratura darajasiga teng qadrlanadi. CFA Institute har yili talabalar o‘rtasida o‘tkazadigan bu tanlovda real kompaniyalarning biznesi chuqur tahlil qilinib, investitsiya hisoboti tayyorlanadi va ekspertlar oldida himoya qilinadi.

Men o‘qigan davrda O‘zbekistonda bu tanlov hali mamlakat miqyosida o‘tkazilmasdi, shu bois biz faqat universitet bosqichida qatnashdik. Jamoamiz bilan O‘zbekistondagi sug‘urta kompaniyalaridan birining biznesini tahlil qildik. Aynan shu tajribadan so‘ng investitsiyalarni boshqarish va kapital bozorlari sohasida professional faoliyat yuritishni o‘z oldimga aniq maqsad qilib qo‘ydim.

Yana bir eng muhim akademik tajribam — “Pul o‘tkazmalari oqimi va biznes ochish qoidalarining kapital bozorini rivojlantirishdagi o‘rni” mavzusidagi bitiruv malakaviy ishim bo‘ldi. Ushbu tadqiqotim universitetdagi tanlovda g‘olib chiqdi va xalqaro CERGE-EI New Economic Talent Competition tanlovida eng yaxshi 15 ta ish qatoridan joy oldi.

Ishimda iqtisodiy holati turlicha bo‘lgan uchta mamlakat tajribasini o‘rganib, O‘zbekistonda moliya bozorini rivojlantirish bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqqan edim. Oradan bir necha yil o‘tib, mamlakatimizda shunga o‘xshash islohotlar amalga oshirilganini ko‘rib juda quvondim.

Chikagodagi bir oy: chet elda o‘qish orzusining tug‘ilishi

Bakalavriatning 4-kursida Chikago universiteti Booth biznes maktabining pre-MBA dasturiga hujjat topshirdim va 2 oydan so‘ng ijobiy javob oldim. Booth dunyodagi eng nufuzli biznes maktablaridan biri hisoblanadi, uning bir oylik dasturi esa har yili yozda o‘tkaziladi.

Dasturga saralash jarayonida universitetdagi baholar, professor-o‘qituvchilarning tavsiyanomalari va yozilgan esselar atroflicha ko‘rib chiqiladi. Bunda daromadi past mamlakatlardan kelgan iqtidorli nomzodlarga alohida ustunlik beriladi. Grant o‘qish hamda yashash joyi xarajatlarini to‘liq qoplar, ishtirokchi zimmasiga faqat borish-qaytish yo‘l xarajati tushar edi.

2019-yilning yozida bo‘lib o‘tgan ushbu bir oylik dastur chinakam burilish nuqtasi va ulkan tajriba mezoniga aylandi. Chet elda tahsil olish aslida qanday bo‘lishini, Amerikadagi haqiqiy hayot tarzini o‘z ko‘zim bilan ko‘rish imkoniga ega bo‘ldim. Dastur doirasida bizni yirik va yetakchi kompaniyalarga olib borishdi, u yerdagi xalqaro ish muhiti hamda korporativ madaniyat bilan yaqindan tanishdik.

blackrock, orange cyan consulting, rochester universiteti, sevara kamolova, xorijdagi o‘zimiznikilar

Foto: Sevara Kamolovaning shaxsiy arxividan

Meni eng ko‘p hayratga solgan va tolbintirgan narsa — bu yerda har bir insonning shaxsiy fikri, qarashi va tajribasi teng qadrlanishi bo‘ldi. Aynan shu bir oylik safar qalbmda chet elda magistratura va MBA darajasini olishga bo‘lgan kuchli qiziqish va ishtiyoqni uyg‘otdi. O‘zbekistonga qaytgach, darhol xorijiy nufuzli universitetlarga hujjat tayyorlashga kirishdim: CFA hamda GMAT imtihonlariga kecha-yu kunduz tayyorgarlik ko‘ra boshladim.

Nega Budapesht va qaysi grant?

Bakalavriatni tamomlagach, moliya bo‘yicha bilimlarimni yanada chuqurlashtirishni hamda amaliy tajriba orttirishni juda xohladim. Biroq u paytda yetarlicha ish tajribam bo‘lmagani sababli hujjat topshirishim mumkin bo‘lgan xalqaro dasturlar soni biroz cheklangandi.

Budapeshtdagi Markaziy Yevropa universiteti (CEU) Yevropada moliya yo‘nalishi bo‘yicha eng kuchli va nufuzli oliygohlardan biri hisoblanardi. Eng muhimi, universitetning amaliyotga yo‘naltirilgan maxsus dasturlari edi.

Bakalavriatda ko‘proq nazariy bilimlarga ega bo‘lganim uchun menga aynan shunday real amaliyot muhiti zarur edi. Qolaversa, Budapesht shahrida ko‘plab nufuzli xalqaro kompaniyalar va moliya gigantlari joylashgani, talabalar uchun ishlash hamda amaliyot o‘tash imkoniyatlari kengligi ham meni o‘ziga kuchli jalb qildi.

CEU’ga hujjat topshirish jarayonida universitet nomzodlarga 4 xil grant turini taklif etardi. Ular orasida dunyoga mashhur Morgan Stanley, Nyu-York fond birjasi hamda BlackRock kompaniyasining “Women in Tech” grantlari bor edi. Har bir nomzod o‘z rezyumesi va profiliga mos grantni tanlab hujjat topshirishi kerak edi.

Men bolaligimdan texnologiyaga qiziqqanim va litsey/kollej davrida axborot texnologiyalari yo‘nalishida tahsil olganim uchun rezyumem aynan axborot texnologiyalari va moliya sohasidagi ayollarni qo‘llab-quvvatlovchi BlackRock’ning “Women in Tech” grantiga to‘liq mos keldi. Quvonarlisi, ushbu grantni qo‘lga kiritdim va u CEU’dagi bir yillik o‘qish to‘lovimni to‘liq qoplab berdi.

Pandemiya davridagi Budapesht

O‘qishim COVID-19 pandemiyasiga to‘g‘ri keldi. Darslar avgust oyida boshlangan, men esa dastlab onlayn o‘qib, sentabr oxirida Budapeshtga yetib keldim. Kelganimda ikki hafta karantinda o‘tirishimga to‘g‘ri keldi, so‘ngra bir oycha universitetda dars bo‘ldi, keyin esa yana karantin e’lon qilinib, onlayn ta’limga o‘tdik. Hozir o‘ylasam, o‘sha paytda qo‘rqmasdan ketganimga hamon hayronman.

Budapesht haqidagi ilk taassurotlarim yomon bo‘lmagan. Albatta, madaniy farqlar bor edi: masalan, odamlarning avtobusga chiqish uchun tartib bilan navbatda turishini ko‘rib hayron qolgandim.

Shaharning tinch va osoyishta muhiti, odamlarining xotirjamligi menga juda yoqdi. O‘qish onlayn bo‘lgani uchun ishlash va vaqtimni boshqarish ancha qulay bo‘ldi. Professorlarimiz tushunuvchan va do‘stona munosabatda edi: darslar onlayn bo‘lsa ham, uchrashib fikr almashishni so‘rasak, hech qachon rad etishmagan.

Budapeshtdagi eng yoqimli xotiralarimdan biri u yerda onam bilan birga yashab, sayohat qilganimiz bo‘ldi. Chet elni ko‘rish faqat mening emas, ota-onamning ham orzusi edi va men ularni ham xursand qilishni xohlardim.

Foto: Sevara Kamolovaning shaxsiy arxividan

O‘qish davomidagi tanlov va musobaqalar ham, turli kompaniyalardan kelgan mutaxassislarning mehmon ma’ruzalari ham onlayn o‘tkazilardi. Vengriyadagi Equilor Investment kompaniyasi tashkil etgan onlayn treyding musobaqasi shulardan biri edi.

Rostini aytsam, men treydingga unchalik qiziqmaganman, men tanlagan yo‘nalish fundamental investitsiya bo‘lib, unda kompaniyaning salohiyatiga qarab uzoq muddatga sarmoya kiritiladi, treyding esa qisqa muddatda ko‘proq daromad olishni maqsad qiladi. Shunga qaramay, qiziqish uchun qatnashdim.

Kompaniya bizga o‘z savdo platformasidan foydalanish imkonini berib, boshqarish uchun $500 minglik virtual mablag‘ ajratdi. Bir hafta davomida bu mablag‘ni turli kompaniyalar va aktiv turlariga sarmoya qilib, portfelimni 115% daromad bilan yakunladim va birinchi o‘rinni egalladim.

Keyinchalik yana CFA Research Challenge’da qatnashdim. O‘zbekistonda faqat universitet bosqichida qatnashgan bo‘lsam, bu safar Vengriya miqyosidagi tanlovda jamoamiz bilan 3-o‘rinni egalladik.

Yevropada xalqaro karyeram boshlanishi

CEU talabalarning amaliy bilim olishi uchun barcha sharoitni yaratishga harakat qiladi, Budapeshtdagi yetakchi kompaniyalar esa aynan shu universitetdan talaba-xodimlarni ishga olishga intiladi. Vengriyada talabalar haftasiga 30 soatgacha qonuniy ishlash huquqiga ega.

Universitet o‘qish boshlanishidan oldin talabalarning rezyumelarini tayyorlab, BlackRock, Morgan Stanley va Citibank kabi kompaniyalarga yuborgan, kompaniyalar esa nomzodlarni saralab, elektron pochta orqali suhbatga taklif qilishgan.

BlackRock meni 5 bosqichda sinovdan o‘tkazdi va suhbatlar texnik bilimlar, analitik fikrlash hamda jamoada ishlash ko‘nikmalarini baholashga qaratilgan edi beshta bosqichli sinovlardan so‘ng amaliyot qilish uchun taklifini oldim.

Rostini aytsam, Oksfordga o‘qishga qabul qilinganimda ham bunchalik quvonmagan edim. Taklifdan keyin kompaniya qariyb bir oy davomida mening ma’lumotlarimni tekshirdi va dekabr oyidan men BlackRock’ning alternativ investitsiyalar bo‘limida talaba-xodim sifatida ish boshladim. Haftaning uch kunida ishlab, ikki kunida o‘qirdim. Grant o‘qish to‘lovimni qoplagan bo‘lsa, ishdan olgan maoshim yashash xarajatlarim uchun bemalol yetardi.

Ishdagi birinchi qadamlar va BlackRock’dagi tajriba

Talaba-xodim bo‘lsam-da, kompaniyada menga yarim stavkada ishlaydigan to‘laqonli xodimlar kabi munosabatda bo‘lishardi. Ya’ni, boshqa hamkasblarim bilan teng mas’uliyat va ish hajmini bajarishim talab etilardi.

blackrock, orange cyan consulting, rochester universiteti, sevara kamolova, xorijdagi o‘zimiznikilar

Foto: Sevara Kamolovaning shaxsiy arxividan

Ilk menejerim vengriyalik qiz bo‘lib, amaliyot davomida bilmagan barcha nozik jihatlarni juda sabr-toqat bilan o‘rgatgan. Ish jarayonidagi natijalarim yaxshi bo‘lgani sababli tez orada doimiy lavozimga o‘tish taklifi berildi va men xususiy kapital fondlari bo‘yicha investitsiya mahsulotlari strategi sifatida ishlay boshladim.

To‘liq stavkaga o‘tganimdan so‘ng hali o‘rganishim kerak bo‘lgan narsalar juda ko‘pligini angladim: birinchi oyda tunlari soat uch-to‘rtlargacha ishlab, sohaga oid bilim va tajriba to‘pladim.

BlackRock’da ishlagan qariyb 3 yillik faoliyatimning 2 yilini Londondagi ko‘chmas mulk jamoasi bilan, oxirgi yilini esa infratuzilma jamoasi bilan hamkorlikda o‘tkazdim. Bozor tadqiqotlarini olib borish, fondlar faoliyatini tahlil qilish va ularning ma’lumotlarini boshqarish, investorlar uchun hisobotlar tayyorlash, mablag‘ jalb qilish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash hamda portfel bo‘yicha sharhlar yozish kundalik asosiy vazifalarim edi.

Londondagi jamoa ish uslubim va salohiyatimni yaxshi bilgani uchun kelajakdagi rejalarim hamda kasbiy qiziqishlarim bilan ham doim qiziqib, rivojlanishim uchun keng imkoniyatlar yaratib berardi. Har chorakda bir marta meni Londonga chaqirishar, u yerda jamoa bilan birga ishlab, qo‘shimcha strategik uchrashuvlarda qatnashar va tajriba almashardik.

BlackRock’dagi eng unutilmas va esda qolarli tajribam — bir nechta fondlarni qayta tuzish va yangi fondlarni ishga tushirish jarayonlarida bevosita ishtirok etganim bo‘ldi. Ushbu yirik loyihalar menga investitsiya mahsulotini yaratish faqatgina moliyaviy tahlildan iborat emasligini, balki u marketing, operatsion jarayonlar hamda investorlar bilan muntazam va tizimli ishlashni ham talab qilishini yaqqol ko‘rsatib berdi.

Nega aynan Rochester va MBA?

BlackRock’dagi ikkinchi yilimda menga rahbarlik vazifalari yuklatilganida, strategik boshqaruv va yetakchilik ko‘nikmalarimni rivojlantirish hamda investorlar bilan ishlashdan to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni boshqarish yo‘nalishiga o‘tish uchun MBA’da o‘qish haqida jiddiy o‘ylay boshladim. Rochester universitetining Simon biznes maktabi meni kuchli tahliliy yondashuvi, kichik guruhlari va amaliyotga asoslangan ta’lim modeli bilan o‘ziga jalb qildi va 2023-yilda men bu yerda STEM yo‘nalishidagi MBA dasturida o‘qishni boshladim.

Universitet menga 2 yillik o‘qish uchun $110 minglik grant ajratib, o‘qish to‘lovida chegirma berdi. Rochester kichik talabalar shahri bo‘lgani uchun bu yerda yashash xarajatlari boshqa shaharlarga nisbatan ancha arzon edi.

Amerikada universitetlarning umumiy reytingidan tashqari, sohalar bo‘yicha alohida reytinglari ham mavjud. Shuning uchun MBA’ga topshirmoqchi bo‘lganlarga biznes maktabini qaysi sohada ishlamoqchi ekaningizga qarab, shu yo‘nalishdagi reytinglar asosida tanlashni maslahat beraman. Shu bilan birga, yetakchilik ko‘nikmalarini ham rivojlantirish kerak.

blackrock, orange cyan consulting, rochester universiteti, sevara kamolova, xorijdagi o‘zimiznikilar

Foto: Sevara Kamolovaning shaxsiy arxividan

Amerikadagi ta’lim interaktiv va amaliyotga yo‘naltirilgan, o‘quv jarayoni ko‘plab guruh loyihalari, real biznes holatlari tahlili va taqdimotlar orqali tashkil etiladi. Bundan tashqari, talabalar boshqaradigan klublarda turli loyihalarda qatnashish va ularga rahbarlik qilish imkoniyati mavjud.

Masalan, men bepul konsalting xizmati ko‘rsatuvchi guruhga qo‘shilib, mahalliy kompaniyalardan birining faoliyatini yaxshilashga yordam berdim. Universitetdagi venchur fondi esa startaplarga sarmoya kiritadi va uni talabalar universitet bitiruvchilari bilan birga boshqaradi. Men bu fondda investitsiya strategiyasini boshqarish bo‘yicha tajriba orttirdim.

Vengriyadagi dasturim meni asosan kuchli tahlilchi bo‘lishga tayyorlagandi, chunki u yerdagi mehnat bozori aynan shuni talab qiladi va kompaniyalarda o‘sish imkoniyatlari ham yuqori. Umuman olganda, men tahsil olgan dasturlar har biri o‘ziga xos ixtisoslashgan dasturlar bo‘lgani uchun ularni bir-biri bilan taqqoslash qiyin.

Lekin shuni aniq ayta olamanki, mustahkam poydevorni menga bakalavriatda olgan bilimlarim bergan, talaba qayerda o‘qishidan qat’i nazar, mustaqil ta’lim olishi, o‘z ustida ishlashi va jamoada ishlay olishi eng muhimi ekanligini anglab yetdim.

MBA davomida o‘qish bilan bir qatorda birinchi kurs talabalariga jamoa murabbiyi, birlashish va qo‘shib olish (M&A) kursi bo‘yicha o‘qituvchi yordamchisi hamda Simon Venture Fund’da strategiya maslahatchisi sifatida faoliyat yuritdim.

Bu, albatta, oson bo‘lmagan, ayniqsa, AQShda xalqaro talabalar uchun amaliyot va ish topish ancha qiyinlashgan bir paytda. Ammo menga bu tajriba vaqtni to‘g‘ri boshqarish va ustuvorliklarni belgilashni o‘rgatdi, agar vaqtingiz nazoratda bo‘lsa, muvozanatni saqlab, talabalik yillarini ham mazmunli o‘tkazish mumkin.

Amerika mehnat bozori va IFC’ga yetaklagan xat

AQShdagi mehnat bozori juda raqobatbardosh va bu yerda faqat yaxshi baholarning o‘zi yetarli emas: networking, ya’ni kasbiy aloqalar, amaliy tajriba va suhbatga puxta tayyorgarlik ham bir xil darajada muhim.

MBA’ning birinchi kursida Simon Vision Consulting tashkiloti orqali konsalting loyihalarida, xususan, moliyaviy rejalashtirish va narx strategiyasi bo‘yicha loyihalarda qatnashganim mahalliy muhitga moslashishimga yordam berdi.

blackrock, orange cyan consulting, rochester universiteti, sevara kamolova, xorijdagi o‘zimiznikilar

Foto: Sevara Kamolovaning shaxsiy arxividan

Yevropa va Amerikadagi ish muhitini solishtirsam, Yevropada sizdan o‘z sohangizni chuqur egallab, uning ustasiga aylanishingizni kutishadi. Amerikada esa sanoat boshqacha talab qo‘yadi: bu yerda sizdan har tomonlama rivojlanish talab qilinadi, shuning uchun o‘z ustingizda ko‘proq ishlab, ko‘nikmalaringizni doimiy kengaytirib borishingiz kerak.

IFC’ga ishga kirishim esa networkingning kuchini yaqqol ko‘rsatgan voqea bo‘ldi. 2023-yilda, hali MBA’ga kelmasimdan oldin, IFC’dagi ishlarga qiziqib, u yerda ishlaydigan bir mutaxassisga tajribasi bilan bo‘lishishini so‘rab yozgandim.

Ular meni o‘zlari xodim izlayotgan lavozimning saralash jarayoniga qo‘shishdi va men oxirgi bosqichgacha yetib bordim, biroq jamoa rahbari boshqa nomzodni tanlaganini va mening profilimni saqlab qo‘yishlarini aytdi. Oradan bir yil o‘tib, ularning AQShdagi jamoasida amaliyot o‘rni ochilganida o‘zim ular bilan bog‘landim va meni hech qanday qo‘shimcha sinovlarsiz to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul qilishdi.

Shu tariqa 2024-yilning yozida uch oy davomida Vashingtondagi IFC bosh qarorgohida moliya institutlari guruhida investitsiya bo‘yicha amaliyotchi sifatida ishladim. Men Markaziy Osiyo, Turkiya, Pokiston, Saudiya Arabistoni va Afg‘oniston bilan ishlaydigan jamoada faoliyat yuritdim.

Bu jamoa banklar va sug‘urta kompaniyalariga sarmoya kiritadi: biz ularning moliyaviy holatini o‘rganib, tahlil qilardik va ularga qarz berish yoki sarmoya kiritish mumkinmi, degan savolga javob izlardik.

Rochesterdagi ilk kunlar va Amerikadagi hayot

Vengriyadan samolyotga chiqishdan oldin Rochesterdagi jinoyatchilik darajasini tekshirib ko‘rgandim va uning yuqoriligi sababli u yerga borish-bormaslik haqida ikkilanib qolgandim. Aksiga olib, vaqtincha ijaraga olgan kvartiram atrofida ba’zan otishma ovozlari eshitilib turardi.

Bu o‘q ovozining o‘zidan qo‘rqish emas, balki noto‘g‘ri joyda, noto‘g‘ri paytda bo‘lib qolish xavotiri edi va universitet hududiga ko‘chib o‘tgunimcha doimiy bosim ostida yurdim.

Yashash xarajatlari esa shaharga qarab keskin farq qiladi. Rochesterda talaba oyiga taxminan $1000−$1500 sarflashi mumkin bo‘lsa, Nyu-York yoki Vashingtonda bu ko‘rsatkich $1800−$4000 va undan ham yuqori bo‘lishi mumkin.

Xarajatlarning asosiy qismini uy-joy tashkil etadi, shuning uchun bu yerda ko‘pchilik pulni tejash maqsadida bitta kvartiradagi alohida xonalarni ijaraga olib yashaydi.

Vengriyadan AQShga ko‘chib kelganimda eng katta sinovlarim yangi kasbiy tarmoq yaratish va ish qidirish bo‘ldi, ammo aynan shu jarayonlar mening eng katta o‘sishimga ham sabab bo‘ldi.

Amerikadagi tajriba meni yanada qat’iyatli qildi va kattaroq tavakkal qilishni o‘rgatdi. Bu yerda o‘zingizni va yutuqlaringizni ko‘rsata bilish juda muhim, moliya sohasida ishlamoqchi bo‘lgan ayollar esa irodasini mustahkamlashi, boshqacha aytganda, ichidagi qizchani o‘chirib qo‘yib, akulalar bilan bir suvda suzishni o‘rganishi kerak.

Hozirgi faoliyatim

Hozir Nyu-Yorkdagi Orange Cyan Consulting kompaniyasida biznes tahlili mutaxassisi sifatida vaqtincha faoliyat yurityapman. Karyeram davomida moliyaviy qarorlar doimo ma’lumotlarga asoslangani uchun ma’lumotlar tahlili va biznes tahlili yo‘nalishlariga qiziqishim tabiiy ravishda paydo bo‘lgan.

Foto: Sevara Kamolovaning shaxsiy arxividan

Mening fikrimcha, biznes tahlili va investitsiyalarni boshqarishning markazida bitta narsa, ya’ni ma’lumotlarni tahlil qilish yotadi. Investorlar ham, biznes rahbarlari ham to‘g‘ri qaror qabul qilish uchun ma’lumotlarga tayanadi.

Yaxshi investor bo‘lish uchun turli bizneslarni tushunish, ularga tegishli yoki ularga ta’sir qiluvchi ma’lumotlarni bilish va tahlil qila olish muhim, biznes tahlili esa aynan shu qarorlarni tezroq va aniqroq qabul qilish imkonini beradi.

“Muvaffaqiyat tasodif emas''

O‘zbekistondan chiqib, xalqaro moliya sohasida karyera qurishni istagan yoshlarga birinchi navbatda ingliz tiliga jiddiy e’tibor berishni maslahat beraman, chunki fikringizni ravon va ishonch bilan yetkaza olish ishning yarmini bajaradi.

Ikkinchidan, moliyaviy tahlil, Excel, SQL yoki Python kabi amaliy ko‘nikmalarni rivojlantiring. Uchinchidan, kasbiy aloqalaringizni kengaytiring va turli sohalarda ishlaydigan do‘stlar orttiring.

Eng muhimi esa katta maqsadlar qo‘yishdan cho‘chimang. Menimcha, xalqaro karyera qurishda eng muhim omil doimiy o‘rganish va qat’iyatdir, qolaversa, hozir O‘zbekistondagi raqobat ham xalqaro darajadan qolishmaydi.

Karyera qurishda o‘zingizga ustoz topish ham juda muhim. Buning uchun insonlarga o‘zingiz murojaat qiling va bir-ikki kishi javob bermasa, “hech kim yordam bermadi” deb to‘xtab qolmang, qayta-qayta harakat qiling. Men o‘zim ham kimdir aloqaga chiqib maslahat so‘rasa, albatta yordam beraman.

Bundan tashqari, ochiq va qiziquvchan bo‘ling, savol berishdan tortinmang va muloqot ko‘nikmalaringiz ustida ishlang. Ayniqsa, ayollar o‘zlarini qanday ajratib ko‘rsatishni bilishi va “men buni uddalay olaman” degan ishonch bilan harakat qilishi kerak.

blackrock, orange cyan consulting, rochester universiteti, sevara kamolova, xorijdagi o‘zimiznikilar

Foto: Sevara Kamolovaning shaxsiy arxividan

Karyeram davomida olgan eng katta sabog‘im shuki, muvaffaqiyat tasodif emas. Ko‘pchilik muvaffaqiyatni omad bilan bog‘laydi, lekin men bunga unchalik qo‘shilmayman: muvaffaqiyatni inson o‘zi yaratadi, o‘z ustida ishlash, imkoniyatlarni izlash va ulardan foydalanish orqali.

Yana bir muhim jihat shundaki, siz o‘zingiz uchun gapira olishingiz va qadriyatlaringizni namoyon qila olishingiz kerak, chunki ko‘p hollarda ishni yaxshi bajarishning o‘zi yetarli emas, natijalaringiz va salohiyatingizni ko‘rsata bilish ham muhim.

Kelajak rejalari. Kelajakda xalqaro miqyosda investitsiyalar va biznes transformatsiyasi yo‘nalishlarida yetakchi lavozimlarda faoliyat yuritishni maqsad qilganman. Shu bilan birga, o‘z biznesimni ochib, uning daromadi hisobidan O‘zbekistonning chekka hududlaridagi ayol-qizlarning o‘qishi va ishlashi uchun jamg‘armalar tashkil etishni rejalashtiryapman.

Qizlarimiz o‘ziga ishongan, salohiyatini to‘liq namoyon eta oladigan va orzulariga erisha oladigan insonlar bo‘lib ulg‘ayishini istayman.