Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev mehnat migratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazayotgani haqida xabar bergan edi.
Prezident xorijda ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolarining mehnat stajini tan olish va pensiya huquqlarini ta’minlash bo‘yicha boshqa davlatlar bilan kelishuvlar tuzishni tezlashtirish zarurligini ta’kidladi. Bu haqda Mikrofon ko‘targan ayol Telegram kanalida ma’lum qilindi.
Davlat rahbarining qayd etishicha, hozirda o‘zbekistonliklar 40 dan ortiq davlatda qonuniy mehnat qilmoqda. Ularning ayrimlari xorijda soliq bilan birga pensiya badallarini ham to‘laydi. Biroq chet elda orttirilgan ish stajini O‘zbekistonda, xususan, pensiya tayinlashda hisobga olish masalasi hal etilmagan.
“Lekin meni eng katta qiynayotgan masala, buni hech kim hal qilmayapti. Mehnat migrantlari o‘sha yerdagi soliqlar bilan birga pensiya badalini ham to‘layapti. Ularning xorijdagi ish staji vatanga qaytgandan keyin hisobga o‘tishi, ayniqsa pensiya tayinlashda bu albatta inobatga olinishi zarur”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu yil Qirg‘iziston, Ozarbayjon va Turkiya bilan mehnat staji hamda pensiya huquqlarini tan olish bo‘yicha ikki tomonlama bitimlar imzolangan. Prezident qolgan davlatlar, jumladan, Germaniya, Rossiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Boltiqbo‘yi va Bolqon mamlakatlari bilan ham shunday kelishuvlarga erishish bo‘yicha muzokaralarni faollashtirishni topshirdi.
Mas’ul rahbarlar, jumladan, Qo‘chqorov, Haydarov, Zohidov, Saidovlarga xorijiy hamkasblari bilan muzokaralar o‘tkazib, elchilar boshchiligida yil yakunigacha aniq natijalarga erishish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish vazifasi yuklatildi.
Sentabr oyida Pensiya jamg‘armasi Rossiya va Qozog‘iston kabi davlatlarda ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolarining pensiya stajini hisobga olish bo‘yicha mexanizmlar ishlab chiqilayotganini ma’lum qilgan edi.
Avvalroq Spot pensiya tayinlashda ish stajini hisoblash va ustamalarni qo‘shish tartibi soddalashtirilgani haqida yozgan edi.