Avvalroq 30-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzolagani haqida xabar berilgandi. Davlat rahbarlari huzurida ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘ldi.

Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida o‘tkazilgan oliy darajadagi uchrashuv doirasida O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumati o‘rtasida davlat ijtimoiy sug‘urtasi va pensiya ta’minoti to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

Pensiya jamg‘armasining ma’lum qilishicha, hujjat ikki davlat hududida mehnat qilgan fuqarolarning pensiya huquqlarini himoya qilish hamda pensiya ta’minoti sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

Bitimga ko‘ra, har bir davlat fuqaroning o‘z hududida orttirgan ish (sug‘urta) staji uchun pensiya tayinlaydi va to‘laydi. Pensiya miqdori esa har bir mamlakatning milliy qonunchiligiga muvofiq, fuqaroning shu davlatdagi ish staji, ish haqi yoki to‘langan sug‘urta badallari asosida hisoblanadi.

Shuningdek, bir davlatda tayinlangan pensiyani fuqaro boshqa tomon hududiga ko‘chib o‘tgandan keyin ham olish imkoniyati ta’minlanadi.

Bitim bilan O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolariga pensiya ta’minoti masalalarida teng huquqlar beriladi. Hujjatda dafn etish nafaqasi, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish hamda vakolatli organlar o‘rtasida axborot almashish tartiblari ham belgilangan.

O‘tish qoidalariga muvofiq, bitim kuchga kirgunga qadar orttirilgan ish staji milliy qonunchilik hamda 1992-yil 13-martdagi MDH bitimi asosida inobatga olinadi.

Avvalroq Spot Iqtisodiyot va moliya vazirligi ishlab chiqqan 2027−2029-yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiyada pensiya tizimini qanday o‘zgartirish taklif qilingani haqida yozgan edi.