O‘zbekiston pensiya tizimi tobora kuchayib borayotgan moliyaviy bosimni boshdan kechirmoqda va davlat byudjetiga qaramligi ortib bormoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ishlab chiqqan 2027−2029-yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiyada qayd etilgan.

Hujjatga ko‘ra, Pensiya jamg‘armasi xarajatlari 2024-yilda 64 trln so‘mni (YIMning 4,2%i), 2025-yilda esa 76,7 trln so‘mni (YIMning 4,2%i) tashkil etgan.

Biroq jamg‘armaning o‘z daromadlari majburiyatlarni qoplash uchun yetarli emas. Shu sababli 2024-yilda davlat byudjetidan 16,3 trln so‘m, 2025-yilda esa 20,2 trln so‘m transfert ajratilgan.

2026-yilda Pensiya jamg‘armasi daromadlari 64,7 trln so‘m, xarajatlari esa 86,1 trln so‘m (YIMning 4,1%i) bo‘lishi prognoz qilingan. Budjetdan ajratiladigan transfert hajmi 23 trln so‘m etib rejalashtirilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, 2027−2029-yillarda islohotlar amalga oshirilmasa, pensiya tizimining byudjetga bog‘liqligi yuqori darajada saqlanib qoladi.

Yuzaga kelgan vaziyatning asosiy sabablari orasida norasmiy bandlik va yuridik shaxslarning ayrim toifalari uchun ijtimoiy soliq bo‘yicha soliq imtiyozlari ko‘rsatilgan bo‘lib, ular Pensiya jamg‘armasining daromad bazasini cheklaydi.

Takliflar

Vaziyatni yaxshilash uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi pensiya tizimini bir necha yo‘nalishda isloh qilishni taklif qilmoqda.

Pensiya jamg‘armasi daromadlarini oshirish maqsadida ijtimoiy soliq to‘lamaydigan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni bosqichma-bosqich ushbu soliqni to‘lash tizimiga o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, rasmiy daromadga ega fuqarolarga ishlamaydigan oila a’zolari uchun ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lash imkonini yaratish taklif etilmoqda. Bundan tashqari, ijtimoiy soliq bo‘yicha yangi imtiyozlarni cheklash va amaldagilarini bosqichma-bosqich bekor qilish ko‘zda tutilgan.

Xarajatlarni optimallashtirish doirasida ijtimoiy soliq bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan ijtimoiy xarajatlarni respublika byudjeti hisobidan moliyalashtirish taklif etilmoqda. Pensiyani hisoblashda inobatga olinadigan ish haqi davrini ham bosqichma-bosqich kengaytirish rejalashtirilgan.

Pensiyaga chiqish uchun eng kam mehnat staji masalasiga alohida to‘xtalib o‘tiladi. Hujjatda qayd etilishicha, uning qisqaligi “fuqarolarning rasmiy ishga joylashishga bo‘lgan qiziqishini pasaytiradi”, shu munosabat bilan talab qilinadigan stajni xalqaro standartlarga muvofiq bosqichma-bosqich oshirish taklif etilmoqda.

Shuningdek, pensiyaga chiqish uchun zarur minimal mehnat stajini xalqaro standartlarga mos ravishda bosqichma-bosqich oshirish taklif qilinmoqda. Hujjat mualliflariga ko‘ra, amaldagi qisqa staj talabi fuqarolarning rasmiy ishga joylashishga bo‘lgan qiziqishini pasaytiradi.

Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi bo‘yicha esa vazirlik uning jozibadorligi pastligini tan olgan. Sababi, jamg‘armadagi mablag‘lar daromadliligi tijorat banklari taklif qilayotgan foiz stavkalaridan past. Shu bois kam daromadli fuqarolar badallarini davlat tomonidan qo‘shimcha moliyalashtirish (matching) hamda yuqori daromadlarni rasmiy deklaratsiya qilishni rag‘batlantirish (carve out) mexanizmlarini joriy etish taklif etilgan.

Bundan tashqari, fuqarolarga o‘z pensiya jamg‘armalarini boshqarishda ishtirok etish imkonini bosqichma-bosqich yaratish rejalashtirilmoqda. Hozirda esa jamg‘arma mablag‘lari qaysi moliyaviy instrumentlarga joylashtirilgani va ularning daromadliligi haqidagi ma’lumotlar cheklangan.

Taklif etilayotgan islohotlar natijasida pensiya tizimi qamrovi kengayishi, fuqarolarni rasmiy bandlik va daromadlarni deklaratsiya qilishga rag‘bat kuchayishi, shuningdek Pensiya jamg‘armasining davlat budjetiga qaramligi bosqichma-bosqich kamayishi kutilmoqda.

Uzoq muddatda esa jamg‘arib boriladigan tizim pensiya daromadlari manbalarini diversifikatsiya qilish va iqtisodiyot uchun uzoq muddatli investitsiya resurslarini shakllantirishga xizmat qilishi nazarda tutilgan.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda xususiy va korporativ pensiya tizimlarini joriy etish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.