Bosh prokuratura huquqbuzarliklar haqida xabar bermaganlik uchun javobgarlik belgilash to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Hujjat Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida e‘lon qilindi.

Qonun loyihasida qayd etilishicha, aniqlangan qonunbuzarliklar haqida xabar bermagan davlat organlarining xodimlari va mansabdor shaxslari javobgarlikka tortiladi. Qonun loyihasi davlat xizmatchilarining mas‘uliyatini kuchaytirish, shuningdek, fuqarolar, ayniqsa, xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilish tizimini mustahkamlashga qaratilgan.

Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga 188−5-moddani qo‘shish taklif etilmoqda. U davlat organlari xodimlarining huquqbuzarliklar to‘g‘risida ichki ishlar organlariga yoki Inson ijtimoiy xizmatlar markazlariga xabar bermaslik holatlariga nisbatan qo‘llaniladi.

Huquqbuzarlik birinchi marta sodir etilganda, fuqarolar va xizmatchilarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (1,32−2,2 mln so‘m), mansabdor shaxslarga esa BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (2,2−4,4 mln so‘m) miqdorida jarima solish ko‘zda tutilmoqda.

Huquqbuzarlik takroran sodir etilgan taqdirda, fuqarolar va xizmatchilarga nisbatan jazo BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorni tashkil etadi. Mansabdor shaxslar uchun esa jarimaning eng kam miqdori BHMning 10 baravariga, eng yuqori miqdori esa 15 baravariga (4,4−6,6 mln so‘m) teng bo‘ladi.

Ta‘kidlanishicha, ushbu modda, birinchi navbatda, erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik holatlarini yashirishga qarshi kurashishga mo‘ljallangan. Shavkat Mirziyoyev mart oyida mahalla, FHDYO organlari, ta‘lim, tibbiyot va diniy muassasalar xodimlari uchun bunday holatlar yuzasidan javobgarlik joriy etish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

Joriy yilning 3-mart kuni prezident xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi. Taqdimotda O‘zbekistonda bugungi kunda nikohlarning 40%i 18−19 yoshli yigit-qizlar o‘rtasida tuzilayotgani qayd etildi.

Xalqaro tavsiyalarga ko‘ra, 21 yosh nikoh qurish uchun eng maqbul yosh hisoblanadi, chunki bu yoshda inson, odatda, moliyaviy mustaqillik va ijtimoiy yetuklikka erishadi.

Shu munosabat bilan 21 yoshdan keyin nikoh qurishni rag‘batlantirish maqsadida moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini hamda nikoh shartnomasini rasmiylashtirishda imtiyozlar joriy etish taklifi ilgari surildi. Bundan tashqari, bunday faktlar haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish orqali erta nikoh holatlarini aniqlash samaradorligini oshirish vazifasi qo‘yildi.

Spot, avvalroq, MMT va lombardlarda qarz oluvchilar daromadini hisoblash tartibi o‘zgarishi haqida yozgandi.