Mark Riz — amerikalik tadqiqotchi, tarjimon va Suhbat LLC ta’lim kompaniyasi asoschisi. Uning O‘zbekiston bilan ko‘p yillik aloqasi 1994-yilda Tinchlik korpusi dasturi doirasida mamlakatga kelib, qariyb uch yil Qo‘qondagi maktabda dars berganidan boshlangan.
Mark Abdulla Qodiriyning O‘tkan kunlar romanining ingliz tilidagi birinchi to‘liq tarjimasi muallifi bo‘lib, ushbu tarjima ustida 15 yil ishlagan. 2019-yilda o‘zbek madaniyatini xorijda ommalashtirishga qo‘shgan hissasi uchun Do‘stlik ordeni bilan taqdirlangan.
U avvalroq Spot’ga o‘z tarjimasining internetda noqonuniy tarqatilishi haqida katta intervyu bergan edi. Keyingi intervyusida esa tadqiqotchi uning qarashlari va hayot yo‘liga ta’sir ko‘rsatgan beshta kitobdan iborat tanlovini taqdim etdi.

amerikalik tadqiqotchi, Suhbat LLC ta’lim kompaniyasi asoschisi, Abdulla Qodiriyning O‘tkan kunlar romanini ingliz tiliga tarjima qilgan.
Kitob o‘qishni juda erta boshlaganman. Men uchun kitoblar murakkab sharoitlarda o‘ziga xos najot vositasiga aylandi. Ular menga kelajakning qanday bo‘lishi mumkinligi haqida tasavvur berar, aynan shunday kelajakda yashashni xohlardim.
Hozir, Endryu Teyt (influenser va sobiq kikbokschi) ruhidagi toksik maskulinizm hukm surayotgan dunyoda adabiyot ixlosmandlarini yomon ko‘rsatishga urinilayotgani g‘alati. Holbuki, eng buyuk istilochilar, sarkardalar va mutafakkirlar kitob o‘qishga nihoyatda kuchli ishtiyoqi bilan ajralib turgan.
Faoliyatimni hech qachon yashirmaganman: “O‘tkan kunlar” kitobi tarjimasi nashr etilishidan oldin AQSH Mudofaa vazirligi hamda AQSH Harbiy-dengiz akademiyasi kabi tashkilotlarda ishlaganman.
Admirallar, generallar, fan doktorlari va yuqori maosh oladigan biznesmenlar davrasida ko‘pincha kim qaysi kitobni o‘qigani haqida suhbatlashiladi. Ularning aksariyati moddiy boyliklari bilan emas, balki uyidagi kitoblar soni bilan faxrlanishni afzal ko‘radi.
Buning yorqin misollaridan biri — 2017−2019-yillarda Pentagon va AQSH Mudofaa vazirligiga rahbarlik qilgan general Mettis. Uning 5000 ta kitobi bor, soati esa atigi $200 turadi. NATOning Yevropadagi sobiq bosh qo‘mondoni admiral Stavridisning kutubxonasida esa 7000 ta kitob mavjud. U insonni kiyimi yoki qanday mashina haydashiga qarab emas, mohiyatiga qarab baholaydi. Jeff Bezos ham Uzuklar hukmdori asarini o‘qib ulg‘aygan va keyinchalik kitob savdosini qaytadan ixtiro qilgan.
O‘z qadrini biladigan insonlar dasturxon atrofida madaniyat haqida suhbatlashadi. Ularni sizning avtomobilingiz, soatingiz yoki boshqa moddiy boyliklaringiz emas, qanday inson ekaningiz qiziqtiradi.
Kitob o‘qish kundalik odatimga aylangan: har kuni kamida bir soat vaqt ajrataman. Odatdagi kunlarda 20−50 sahifa o‘qilsa, hozir kamharakat turmush tarziga majbur bo‘lganim uchun kuniga 100 sahifagacha o‘qiyapman. Bu jarayon esa chinakam huzur bag‘ishlaydi.
Kitobga bo‘lgan qiziqish sayohatlarda ham o‘zini namoyon qiladi: har safar bir-ikkita yaxshi kitob do‘koniga kirib, topilgan kitoblarni chamadonda uyga olib kelaman. Natijada bugungi kunda shaxsiy kutubxonamda qariyb 2,5 mingta kitob jamlangan bo‘lib, ular uchta xonani egallagan. To‘plamdan adabiyot, tarix, siyosat, din va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarga oid asarlar o‘rin olgan.
Qog‘oz kitoblarning o‘ziga xos jozibasi bor: qo‘lga seziladigan tuyg‘usi, hidi va sahifalar bilan bevosita muloqot qilish zavqi elektron formatda topilmaydi. Ayniqsa, ming sahifalik kitobning o‘zi tashlaydigan chaqiriq ham alohida zavq bag‘ishlaydi.
Bugun siz bilan ana shu kichik kitoblar to‘plamimni baham ko‘rmoqchiman.
“Ustara tig‘i”, Uilyam Somerset Moem
Bu Birinchi jahon urushining dahshatlarini boshdan kechirgan, hayot mazmunini anglash va ma’rifat sari o‘z yo‘lini topishga urinayotgan askar haqidagi hikoya. Asarning bosh qahramoni — yosh amerikalik Larri Darrell. U karyera va boylikdan voz kechib, Hindistonga ruhiy izlanishlar uchun yo‘l oladi. Muallif Moem esa hikoyachi sifatida uning taqdirini boshidan oxirigacha kuzatib boradi.
Larri Darrellning yo‘li xuddi ustara tig‘idek: nozik, murakkab va xavfli. Uning izlanishlari orqali insonning o‘zligini anglashi, e’tiqod va hayot mazmunini topishga bo‘lgan ehtiyoji tasvirlanadi.
O‘rta maktabda o‘qib yurgan kezlarimda o‘qituvchim Xendriks xonim hayotimdagi burilishlarni sezib, menga shu kitobni sovg‘a qilgan edi. U orqali o‘z kuchim va energiyamni noto‘g‘ri yo‘llarga emas, tinch va foydali maqsadlarga yo‘naltirish mumkinligini anglay boshladim.
Shu bois bu kitob hayotida murakkab davrni boshdan kechirayotgan yoshlar uchun ayniqsa qadrli, deb o‘ylayman. Bir paytlar o‘sha holatni o‘zim ham boshdan kechirganim uchun, asarning ta’siri men uchun yanada chuqurroq.
“Dengizlar hukmdori”, Patrik O’Brayan
Bu britaniyalik yozuvchi Patrik O’Brianning 20 ta romandan iborat mashhur turkumi bo‘lib, unda ingliz floti ofitseri Jek Obri va uning hamrohi — shifokor, tabiatshunos hamda josus Stiven Maturinning taqdiri hikoya qilinadi.
Har bir roman Britaniya flotining tarixiy hayotini aniq aks ettiradi. Voqealar Napoleon urushlari davrida kechib, ikki do‘stning dunyo bo‘ylab sayohatlari, fransuzlar va boshqa raqiblarga qarshi janglari, dengizdagi sarguzashtlari haqida hikoya qiladi.
Asarlarda hazil-mutoyiba ham, kemadagi og‘ir hayotning achchiq haqiqatlari ham yonma-yon tasvirlangan. Qahramonlar aynan shunday og‘ir sharoitlarda chiniqib, muhim va keskin vaziyatlarda boshqalarga yo‘l ko‘rsata oladigan yetakchilarga aylanadi.
O’Brianning urush haqidagi tasavvuri ham juda teran: u g‘alaba naqadar qisqa bo‘lishi mumkinligini, okean esa istalgan lahzada insondan hamma narsani tortib olishi mumkinligini yaxshi anglagan dengizchilar haqida yozadi.
Turkumdagi birinchi kitob —Qo‘mondon va shturman'ni menga National Geographic fotografi Devid Edvards 1994-yilda O‘zbekistonga safarim oldidan sovg‘a qilgan edi. U O‘zbekistonni ham, Mo‘g‘ulistonni ham yaxshi bilardi. Yigirmata kitobdan iborat butun turkumni esa oradan yillar o‘tib, Afg‘onistonda o‘qib chiqdim.
Bu romanlar insonni kamtarlikka o‘rgatadi. Hatto hamma ishni to‘g‘ri bajarayotgan bo‘lsang ham, ayrim odamlar baribir halok bo‘ladi. Shuning uchun jang qilish kerak bo‘lgan paytda jang qil, ammo qolgan asosiy vaqtingni og‘ir va mashaqqatli mehnatga bag‘ishla.
“Fleshmen qaydlari”,Jorj Freyzer
Bu ham kitoblar turkumi, ammo bu safar voqealar Viktoriya davridagi Angliyada, mamlakat tarixidagi eng mashhur voqealar fonida kechadi. Markazda esa har qanday xavf-u sarguzashtga tushib qoladigan, g‘alati bir qahramon — Fleshman turadi.
Bosh qahramon qo‘rqoq, ayollarga ishqiboz va kinik odam. Shunga qaramay, deyarli har safar voqealar oxirida to‘g‘ri ish qilishga majbur bo‘ladi. Urushning o‘zini boshdan kechirgan Freyzer shu obraz orqali ingliz elitasining takabburligi va ikkiyuzlamachiligini achchiq kinoyaga aylantiradi.
Muallif bu dunyoning “buyuk va mashhur” odamlari qanchalik ahmoqona fikrlashi va jinoyat darajasida beparvo bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Ularning kibr bilan qabul qilgan qarorlari oddiy odamlarning hayotiga qimmatga tushadi, Fleshman esa bunday kishilarni ich-ichidan mensimaydi. Shu obraz orqali muallifning oddiy xalqqa bo‘lgan mehrini, shuningdek, murakkab va shafqatsiz dunyoda yo‘l topish qobiliyatini ko‘rish mumkin.
Shu bilan birga, bu o‘qilgan eng kulgili asarlardan biridir. Ammo hazil-mutoyibaning ortida urushning haqiqiy fojiasi, inson taqdirining tasodifiyligi va yuqoridan berilgan buyruqlarning ba’zan naqadar absurd bo‘lishi yashiringan.
O’Brayan ham, Freyzer ham aslida bir narsani o‘rgatadi: o‘z odamlari haqida qayg‘ur va jangda ular bilan birga bo‘l. Yetakchi o‘z odamlaridan ajralib tursa, uning mavqei va unvoni hech narsani anglatmaydi. Yoki birga jang qilasiz va birga halok bo‘lasiz, yoki o‘zingizni yetakchi deb atashga haqqingiz yo‘q.
Haqiqiy professional esa shuhrat ortidan quvmaydi. U shunchaki o‘z ishini yaxshi biladigan, mas’uliyatini his qiladigan va kamtarona professional bo‘lib qoladi. Toshkentdagi ijtimoiy tarmoqlarda rahbariyatga yoqish uchun qilinayotgan ochiq-oydin noqulay urinishlarni ko‘rganimda, aynan shu fikrni tez-tez eslayman.


“Genrix V”,“Genrix VIII”,“Yuliy Sezar”, Uilyam Shekspir
Uchala pyesa ham inson qarorlarining oldindan kutilmagan oqibatlari haqida hikoya qiladi.
Genrix V — Uinston Cherchill Ikkinchi jahon urushi davrida Britaniyani kurashga ruhlantirish uchun foydalangan eng buyuk asarlardan biri. “Biz haqimizda, bir hovuch baxtli insonlar, birodarlar haqida. Bugun men bilan birga qon to‘kkan kishi menga birodar bo‘ladi”.
Genrix VIII’da kardinal Uolsi hokimiyatni yo‘qotganidan afsuslanib: “Abadiy xayr, xayr, mening ulug‘vorligim!” — deydi va hukmdorning marhamatiga bog‘liq bo‘lgan inson naqadar ayanchli ekanini qo‘shimcha qiladi.
Yuliy Sezar’da esa: “Qo‘rqoq o‘limidan oldin ko‘p marta o‘ladi, jasur esa o‘limni faqat bir marta totadi”, degan satrlar yangraydi. Mazmuni bitta: hokimiyat — illyuziya, bu dunyoning qudratli kishilariga xushomad qilish esa evaziga hech narsa bermaydi.
Hayotimdagi birinchi “besh” aynan Shekspir kursi uchun qo‘yilgan edi.
Qarorlarning kutilmagan oqibatlari va hokimiyatning narxi mavzusiga Vasiliy Grossmanning “Hayot va taqdir” asarini ham kiritgan bo‘lardim. Menimcha, bu XX asrning eng yaxshi romani.
Voqealar Ulug‘ Vatan urushi yillarida Stalingradda kechadi. XX-asr adabiyotidagi men uchun eng jasur qahramon — Sofya Osipovna. Yahudiy ayol bo‘lgani uchun natsistlar konslagerining lazaretida unga qulay joy taklif qilishadi, chunki u jarroh edi. Ammo odamlar gaz kameralariga yuborilayotganini bilgan holda, u bu joydan voz kechadi va yetim qolgan bola yolg‘iz o‘lmasligi uchun u bilan birga o‘lim sari boradi.
Bu voqea haqiqiy tarixga asoslangan. Stalin Grossmanni o‘ldira olmadi — ammo kitob taqiqlandi.



“Qonli Meridian”, Kormak Makkarti
Makkarti — xuddi Dilan yoki Tom Ueyts kabi Amerikaning shoir-laureati. Uning nasri Folkner ijodiga hamohang: bu men ulg‘aygan Amerikaning shafqatsiz va qonli G‘arb manzarasi bo‘ylab yo‘l izlayotgan Ahdlar Kitobidagi payg‘ambarni eslatadi. Makkarti qat’iy individualist bo‘lgan va chap yoki o‘ng qanot bo‘lishidan qat’i nazar, har qanday siyosiy tomonga begona edi. U koinotni biz qanday ko‘rishni xohlasak, shunday emas, balki qanday bo‘lsa, shunday ko‘rishga intilgan.
Bu kitob zo‘ravonlik, ekspansiya va Amerika G‘arbi haqida qorong‘i, deyarli mifologik romandir. Voqealar asosan 1840-yillarning oxiri — 1850-yillarning boshlaridagi AQSH-Meksika chegarasi bo‘ylab kechadi. Bosh qahramon — ismi noma’lum o‘smir, u shunchaki “Bola” deb ataladi.
U o‘n to‘rt yoshida Tennessi shtatidan qochib ketadi va janubi-g‘arbga, allaqachon zo‘ravonlikka botgan dunyo tomon sarson bo‘lib ketadi. Bir qator kulfatlardan so‘ng Glanton to‘dasiga qo‘shiladi — bu Meksika hukumati tomonidan apachilarni o‘ldirish va ularning bosh terisini shilib olish uchun yollangan amerikalik yollanma askarlardan iborat haqiqiy tarixiy guruh edi. Tez orada to‘da jangchilar bilan tinch aholi o‘rtasidagi farqni ajratmay qo‘yadi: ular mahalliy jamoalarni, meksikaliklarni, yo‘lovchilarni — pul, bosh terisi, oziq-ovqat yoki shunchaki ko‘ngilochar narsa bera oladigan deyarli har qanday odamni o‘ldiradi.
To‘daning markazida — va tobora romanning ham markazida — sudya Xolden paydo bo‘ladi: ulkan gavdali, kal, nihoyatda bilimli va deyarli g‘ayritabiiydek ko‘rinadigan inson. Sudya o‘nlab tillarda gaplashadi, fan, huquq, falsafa, musiqa va tabiiy tarixni yaxshi biladi, shu bilan birga qotil hamda yirtqich bo‘lib qoladi. U o‘simliklar, hayvonlar, artefaktlar va madaniyatlarni kundaligiga yozib boradi, keyin esa ko‘pincha ularning asl nusxalarini yo‘q qiladi — go‘yo bilimning o‘zi unga dunyo ustidan hokimiyat beradi.
To‘daning ekspeditsiyasi asta-sekin parchalanadi: zo‘ravonlik o‘ziga qarshi zo‘ravonlikni tug‘diradi va ishtirokchilarning aksariyati halok bo‘ladi. Muallif shu orqali falsafiy savolni o‘rtaga tashlaydi: zo‘ravonlik insoniyat tarixining shunchaki dahshatli xususiyatimi yoki inson mavjudligining o‘ziga xos fundamental qismimi?
Sudya Xolden “Urush — bu xudo” degan qarashni ifodalaydi: uning uchun mojaro hukm chiqarishning eng oliy shakli va omon qolgan kishi mag‘lub bo‘lgan odamga o‘z haqiqatini majburan qabul qildiradi. Bola esa bu falsafaga zaif muqobildir. U ham shafqatsiz va vahshiyliklarda ishtirok etadi, ammo sudya uning ichida rahm-shafqatga qobiliyat borligini, uning falsafasiga to‘liq singib ketmaslik istagi mavjudligini ko‘radi.
Asar nomi bir vaqtning o‘zida bir necha ma’noda ishlaydi. “Meridian” — bu geografiya: qahramonlar harakatlanadigan qonli chegaradosh hududlar, shu bilan birga eng yuqori nuqta, kulminatsiya. Makkarti Amerika G‘arbining o‘zlashtirilishini qahramonona ko‘chib borish sifatida emas, balki zabt etish, qirg‘in, ochko‘zlik va qon to‘kishning deyarli Bibliyaga xos yurishi sifatida tasvirlaydi.
Shu bilan birga, muallif bu dahshatni ataylab nihoyatda go‘zal til bilan uyg‘unlashtiradi. Cho‘llar, tog‘lar, bo‘ronlar, yulduzlar, gulxanlar va qirg‘inlar Qirol Yakov Bibliyasi, Shekspir, Melvill va epik she’riyatga yaqin uslubda tasvirlangan. Bu qarama-qarshilik muhim: odamlar mahluqlardek o‘zini tutayotgan bir paytda ham manzara ulug‘vor bo‘lishi mumkin.
Agar kitobni mohiyatigacha qisqartiradigan bo‘lsak, bu shafqatsiz Amerika chegarasi bo‘ylab kezib yurgan va zo‘ravonlikni mavjudlikning yaxlit falsafasiga aylantirgan odam bilan uchrashadigan bolaning hikoyasi. Bola bu falsafani oxirigacha qabul qilmaydi va roman ochiq savolni qoldiradi: uning rahm-shafqatga bo‘lgan kichikgina qobiliyati kuch hukmronlik qiladigan dunyoda omon qola oladimi?
Aynan shuning uchun sudya Xolden Amerika adabiyotidagi eng qo‘rqinchli qahramonlardan biridir: u shunchaki odamlarni o‘ldirgani uchun qo‘rqinchli emas. Uning qotillik, hukmronlik va urush nima sababdan narsalarning tabiiy tartibi ekanini tushuntirib beradigan intellektual jihatdan yaxlit izohi bor.
Men sanab o‘tgan barcha kitoblarni bitta mavzu — insonning o‘zgarishi birlashtirib turadi.
Va nihoyat, ta’kidlamoqchi bo‘lgan so‘nggi narsa: O‘zbekistonda toksik maskulinizm namoyon bo‘lishining kamayishini istardim. Yosh tadbirkorlar ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rayotgan obrazlarni shunchaki ko‘chirishni to‘xtatib, boshqa qadriyatlarga — donolik, kamtarlik, soddalik va atrofdagilar bilan muloqotda halollikka intilishlarini istardim.
Bu biznesda muvaffaqiyat uchun kurashish kerak emas, degani emas. Raqobat zarur. Ammo shu bilan birga vazminroq, professionalroq va boshqa odamlarga nisbatan hurmatli bo‘lib qolish muhim.
O‘zini rivojlantirishga bag‘ishlangan ko‘plab kitoblar ko‘pincha qayta ishlangan afsuslardan boshqa narsa emas. Adabiyot, tarix, madaniyat va e’tiqod esa insonni hayot davomida yetaklay oladigan zamonsiz donolikni beradi.







