Prezidentning jamoat xavfsizligi sohasida professional kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, 2026/2027-o‘quv yilidan Jamoat xavfsizligi universitetining bakalavriat bosqichida yillik qabul kvotasi kunduzgi ta‘lim shaklida 600 nafargacha kursant, masofaviy ta‘lim shaklida esa 300 nafargacha tinglovchiga oshiriladi.
Kvotalarning to‘rtdan uch qismi Ichki ishlar vazirligi tizimi uchun huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l harakati xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash va qo‘riqlash yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlashga ajratiladi.
IIV tizimi uchun qabul kvotalari va mutaxassisliklar taqsimoti ichki ishlar organlarining ehtiyojidan kelib chiqib, Prezident Administratsiyasining Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi bo‘yicha departamenti bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Universitetda ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya uchun bakalavriatning kunduzgi ta‘lim shaklida Yurisprudensiya yo‘nalishi doirasida huquqbuzarliklar profilaktikasi, jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligi va qo‘riqlash faoliyati bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.
Masofaviy ta‘limda esa Yurisprudensiya yo‘nalishi doirasida Jamoat xavfsizligini huquqiy ta‘minlash bo‘yicha o‘qitish amalga oshiriladi.
Shuningdek, jamoat xavfsizligini ta‘minlash sohasida kamida besh yillik amaliy xizmat stajiga ega ichki ishlar organlari xodimlari va Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari magistraturada Jamoat xavfsizligini ta‘minlash faoliyatini tashkil etish mutaxassisligi bo‘yicha o‘qitiladi.
Qaror bilan universitetda ta‘limni moliyalashtirish tartibi ham belgilandi. Qurolli Kuchlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun mutaxassislar bakalavriatning kunduzgi ta‘lim shaklida davlat granti asosida tayyorlanadi.
Masofaviy ta‘limda Milliy gvardiya va ichki ishlar organlarining oliy ma‘lumotga ega bo‘lmagan harbiy xizmatchilari va xodimlari davlat granti asosida o‘qitiladi. Oliy ma‘lumotga ega bo‘lganlar hamda Qurolli Kuchlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarning harbiy xizmatchilari va xodimlari uchun esa ta‘lim to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Umumfuqaroviy asosda kadrlar tayyorlash kunduzgi, kechki va masofaviy ta‘lim shakllarida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, dual ta‘lim tizimida har bir kursant va tinglovchiga o‘qishni boshlashidan uni tamomlaguncha tajribali amaliyotchi-mutaxassis mentor-tyutor sifatida biriktiriladi.
Har yili oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta‘lim tashkilotlari kursantlari o‘rtasida Huquqshunoslik fan olimpiadasi o‘tkaziladi. G‘oliblarga xalqaro olimpiadalarda ishtirok etish imkoniyati beriladi.
Universitet bitiruvchilarining kasbiy o‘sishi va xizmat samaradorligi besh yil davomida monitoring qilinadi. Uning natijalari ta‘lim jarayonining sifat ko‘rsatkichlari va universitetning kelgusi strategiyasini belgilashda hisobga olinadi.
Shuningdek, har yili kamida 30 nafar professor-o‘qituvchi, ilmiy xodim, doktorant va magistr xorijdagi hamkor ta‘lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalariga malaka oshirish, stajirovka va tajriba almashish uchun yuboriladi.
Spot, avvalroq, jamoat xavfsizligi tizimida dronlar va IT bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanishi haqida yozgandi.